“Xalq deputatlari Kengashlarining siyosiy partiyalar bilan hamkorligi masalalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Namangan viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi bilan hamkorlikda “Xalq deputatlari Kengashlarining siyosiy partiyalar bilan hamkorligi masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyat rahbarlari, siyosiy partiyalarning viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, deputatlar, partiya faollari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, markazning viloyat boʻlinmasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Davra suhbatini tashkil etishdan asosiy maqsad — mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlarining tashabbuskorligini oshirish, sessiya kun tartibidagi masalalarni shakllantirishdagi ishtiroki, doimiy komissiyalar bilan hamkorlikdagi ish tajribasini muhokama qilish, mavjud muammolarni tahlil etish va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbir davomida Xalq deputatlari Kengashlari va siyosiy partiyalar oʻrtasidagi hamkorlik holati, bu borada mavjud muammolar va ularning yechimlari, kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.
Markaz mutaxassislari tomonidan partiya deputatlik guruhlarining mahalliy Kengashlar faoliyatidagi ishtirok darajasi, doimiy komissiyalar bilan ishlash amaliyoti, kun tartibini shakllantirishdagi ishtiroki hamda dolzarb muammolarga bagʻishlangan tahlil natijalari taqdim etildi.
Ishtirokchilar mahalliy Kengashlar, siyosiy partiyalar va jamoatchilik oʻrtasida muloqotni institutsionallashtirish zarurati, mahalliy ijro hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda partiya deputatlik guruhlarining oʻrni, aholi muammolarini sessiya kun tartibiga kiritishda deputatlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari kabi muhim masalalar yuzasidan ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Namangan viloyati hududiy boʻlinmasi