ACDP logo
Kirish
header bg

“Demokratik islohotlar: Fuqarolik jamiyati institutlari transformatsiyasi” mavzusida seminar o‘tkazildi.

201
Поделиться:
“Demokratik islohotlar: Fuqarolik jamiyati institutlari transformatsiyasi” mavzusida seminar o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Inson huquqlari, so‘z erkinligi, jamoatchilik nazorati kabi tamoyillar ustuvor bo‘lib borayotgan bu jarayonda fuqarolik jamiyati davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim vositachi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlash, aholining turli qatlamlari manfaatlarini ifoda etish hamda ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish — bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “Demokratik islohotlar: Fuqarolik jamiyati institutlari transformatsiyasi” mavzusida seminar tashkil etildi. Tadbir “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 288-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjatlar muhokama markazida bo‘ldi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, Buxoro viloyat Adliya boshqarmasi, O‘zNNTMA Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi, milliy madaniy markazlar, OAV va viloyatda faoliyat yuritayotgan NNT vakillari ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki hamda jamoatchilik nazoratidagi rolini yanada kuchaytirish, bu borada samarali mexanizmlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir doirasida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati, ularning tashabbuslari va uchrayotgan muammolari muhokama etildi. Mahalliy ekspertlar ishtirokida sohani takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi. Shuningdek, davlat organlari va fuqarolik jamiyati subyektlari o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, muloqot maydonlarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar bildirildi.

Tadbirda fuqarolik jamiyati institutlari transformatsiyasi, ularning milliy islohotlardagi faol ishtiroki mamlakat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Ishtirokchilar tomonidan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik fikrini hisobga olish bo‘yicha institutsional yondashuvlarni keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda mahalliy tashabbuslarni rag‘batlantirish, davlat va NNTlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir aniq vazifalar belgilab olindi. Tadbir natijalari hududiy darajada amaliyotga qaratilgan yangi yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi