ACDP logo
Kirish
header bg

Jizzaxda NNT va siyosiy partiyalar hamkorligiga bagʻishlangan oʻquv-seminar oʻtkazildi

168
Поделиться:
Jizzaxda NNT va siyosiy partiyalar hamkorligiga bagʻishlangan oʻquv-seminar oʻtkazildi

Jizzax politexnika institutining majlislar zalida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Jizzax viloyati hududiy boʻlinmasi tashabbusi bilan “Nodavlat notijorat tashkilotlari va siyosiy partiyalar hamkorligi” mavzusida oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbir Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi subsidiya mablagʻlari doirasida tashkil etildi. Seminar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 288-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hujjat, Saylov kodeksi, shuningdek, 2024-yil 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida davlatimiz rahbari soʻzlagan nutq mazmun-mohiyati muhokama markazida boʻldi.

Tadbirda siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda sohaning yetuk ekspertlari ishtirok etdi.

Seminarda maʼruzachilar mamlakat siyosiy hayotidagi soʻnggi oʻzgarishlar, parlament faoliyatidagi yangiliklar, demokratik islohotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining saylovlardagi oʻrni haqida atroflicha maʼlumot berdilar. Ayniqsa, NNTlarning jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi faol ishtiroki, ularning siyosiy partiyalar va mahalliy deputatlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan tashabbuslari alohida taʼkidlandi.

Shu bilan birga, davlat grantlari va subsidiyalari orqali ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar samarali yoʻlga qoʻyilayotgani, aholi oʻrtasida huquqiy madaniyat va siyosiy faollikni oshirishda NNT va partiyalar oʻrtasidagi hamkorlik muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan NNT va siyosiy partiyalar hamkorligini yanada mustahkamlash, fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va huquqiy madaniyatni rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Mazkur tadbir viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan tasvirga olindi. Unda jami 30 nafar ishtirokchi qatnashdi.


Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Jizzax viloyati hududiy boʻlinmasi