Oʻzbekiston ilk bor “WSIS+20” sammitida

Shveysariyaning Jeneva shahrida joriy yilning 7–11-iyul kunlari oʻtkazilayotgan nufuzli “WSIS+20” sammitida bu yil ilk bor Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
“WSIS+20” – Axborot jamiyati boʻyicha Butunjahon sammiti BMT koʻmagida oʻtkaziladigan, raqamli rivojlanish, AKT siyosatidagi yutuqlar va inklyuziv muloqotni ilgari surishga qaratilgan global platforma hisoblanadi.
Delegatsiya tarkibida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, Progressiv islohtlar markazi kabi qator fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari qatnashmoqda. Sammit doirasida 10-iyul kuni “Oʻzbekistonda media va AKTni rivojlantirish: raqamli inklyuziya va infratuzilmani kuchaytirish” mavzusida maxsus panel sessiyasi tashkil etilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda mamlakatimizdagi raqamli transformatsiya, elektron boshqaruv, media ekotizim va ishonchli infratuzilmalarni rivojlantirish borasidagi yutuqlar muhokama qilinadi.
Boshqacha aytganda, mazkur sammit Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati uchun tajriba almashish, global raqamli siyosatni shakllantirish va undagi faolligini oshirish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi.