Ta’limni rivojlantirish – milliy taraqqiyotga zamin yaratadi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda bu yilgi davlat dasturida belgilangan yo‘nalishlardan kelib chiqib, ta’lim tizimini rivojlantirish, xususan maktablarda sharoitlarni yaxshilash, yosh avlodni bilimli etib tarbiyalash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim sohasini tubdan isloh qilish va uni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Belgilangan yo‘nalishlar O‘zbekistonda sifatli ta’lim-tarbiya tizimini yuksak bosqichga olib chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda global jahonni sun’iy intellekt, yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar belgilamoqda. Mazkur zamonaviy o‘zgarishlar sharoitida mamlakatimizda tahsil olayotgan 6,5 millionga yaqin maktab o‘quvchilarining bilim va savodxonlik darajasini yanada yuksaltirish muhim vazifaga aylanmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, qamrov ko‘rsatkichlari oshgan bo‘lsa-da, ta’lim sifati borasida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.
Maktab ta’limi sifatini oshirish uchun pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini kuchaytirish muhim vazifalardan biriga aylandi. Pedagogik oliygohlar faoliyati qayta ko‘rib chiqilmoqda, zamonaviy metodika va baholash tizimlari joriy etilmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, sifatli ta’lim asosan bilimli va zamonaviy pedagoglarga bog‘liq.
Xususan, barcha pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlar faoliyati tubdan o‘zgartirilishi, xorijiy tajribalar asosida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha oliy maktablar tashkil qilinishi, aniq fanlar bo‘yicha Myunxen texnika universiteti ta’lim dasturlarining joriy qilinishi, qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv dasturlari esa Kembrij universiteti talablari asosida qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Shuningdek, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’limda fanlar soni 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari esa 31 tadan 17 taga tushirildi hamda o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqartirildi.
Endilikda pedagogika oliygohlarining xorijiy til sertifikati bor o‘qituvchilari Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur singari davlatlarga malaka oshirish uchun yuboriladi. Bu tizim barcha pedagogika oliygohlarida joriy etiladi. Bu pedagoglarning ilg‘or metodologiya va texnologiyalarni o‘zlashtirishiga xizmat qiladi. Chet elda malaka oshirgan pedagoglar mamlakatimiz ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim rol o‘ynaydilar.
Prezidentimiz rahbarligidagi yig‘ilishda o‘qituvchilarning malakasini oshirish samaradorligini ta’minlash bo‘yicha ham o‘ziga xos yo‘nalishlar belgilab berildi. Jumladan, maktablardagi 17 ta fanning har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablar tashkil qilinishi qayd etildi.Har bir tayanch maktabning 1 nafar o‘qituvchisi Malaka oshirish markazida o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi va ularga trener maqomi beriladi. Trenerlar biriktirilgan hududda 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi, yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi muallimlarning malakasini oshiradi.
Ta’lim sifatini baholash tizimini takomillashtirish, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy qilingan zamonaviy baholash tizimini umumiy maktablarda ham keng qo‘llash, xalqaro testologiya mezonlari asosida maktablarni akkreditatsiyadan o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yana bir muhim masala, yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardagi zararli ma’lumotlardan himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlashdir. Prezidentimiz qaroriga binoan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Ushbu markaz milliy qadriyatlarga asoslangan kontent yaratish, tahlillar olib borish hamda bu boradagi buyurtmalarni berish bilan shug‘ullanadi. Bu esa milliy g‘oya va ma’naviyatga asoslangan tarbiya tizimini mustahkamlash orqali yoshlar ongi va tafakkurini turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilishga, ularni milliy ma’naviyatimiz asosida tarbiyalashga zamin yaratadi.
Albatta, belgilangan islohotlarning samarali amalga oshirilishida davlat idoralari, ta’lim muassasalari, mahalliy rahbarlar va xalq vakillari — deputatlarning mas’uliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Maktab ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga, yoshlarning ma’naviy va intellektual rivojiga xizmat qiladi. Ushbu jarayonlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi va xalqaro maydonda raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirishining muhim asosidir.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi deputati