NNTlar faoliyatiga oid qonunchilikdagi yangiliklar muhokama etildi

Qashqadaryo viloyatida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Qashqadaryo viloyati boʻlinmalari hamkorligida nodavlat notijorat tashkilotlari uchun amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan davlat granti tanlovida ishtirok etish tartibi, loyihalarni toʻgʻri tayyorlash hamda ularni yuborish jarayonida ngo.gov.uz platformasidan foydalanish imkoniyatlari haqida ishtirokchilarga atroflicha maʼlumot berildi.
Seminarda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda soʻnggi yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ular uchun qulay huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, shuningdek ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr almashdilar.
Xususan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, NNTlar faoliyati erkinligi kafolatlarini mustahkamlash, shuningdek homiylik va xayriya faoliyati bilan bogʻliq qonunchilikka kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida” hamda “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiritilgan oʻzgartishlar bilan ham tanishdilar. Ushbu yangiliklar fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, shuningdek davlat organlari tomonidan ijtimoiy buyurtmalar berishning yangi mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Tadbir yakunida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan ikkinchi davlat granti tanlovi gʻoliblariga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi.

