ACDP logo
Kirish
header bg

“Yangi chaqiriq parlamenti: oldimizda turgan vazifalar va istiqbollar”

682
Поделиться:
“Yangi chaqiriq parlamenti: oldimizda turgan vazifalar va istiqbollar”

Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa ochildi — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibi faoliyatini boshladi. Davlatimiz Rahbari saylovdan keyingi dastlabki majlisda oʻtgan parlament faoliyatiga ijobiy baho berib, salmoqli natijalarga erishilganligini alohida qayd etdi.

Avvalgi parlament mamlakatning kelgusi taraqqiyot yoʻnalishini belgilab beruvchi Konstitutsiyaning yangi tahririni tayyorlash va qabul qilishda faol ishtirok etdi, 130 dan ziyod yangi qonunlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, Prezident parlament faoliyatidagi baʼzi kamchiliklarni ham taʼkidladi. Jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar yetarli emasligi, parlament nazorati toʻlaqonli taʼsirchan institutga aylanmaganligi, deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati samaradorligining pastligi qayd etildi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan yangi parlament oldida turgan muhim strategik vazifalar, jumladan qonun ijodkorligi, parlament nazorati va xalq manfaatlarini ifodalash kabi keng qamrovli yoʻnalishlar belgilab berildi.

Birinchidan, har bir qoʻmita qoshida fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi belgilandi. Deputatlarga oʻz ustilarida koʻproq ishlash, bilim va tajribani doimiy ravishda oshirib borish, masʼuliyatni chuqur his qilib ishlash kerakligi bildirildi.

Ikkinchidan, parlament qoʻmitalari vazirliklar bilan yaqindan hamkorlik qilishlari lozimligi aytildi. Bunda aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish bosh vazifa sifatida belgilab berildi. Deputatlar oʻz vakolatlari doirasida oʻz okruglaridagi tuman va shahar darajasida soʻrov va talabni kuchaytirish kerakligi taʼkidlandi.

Uchinchidan, qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni hal qilishga va xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratilgan boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Qonun ijodkorligi sohasida bir qator muhim masalalar kun tartibiga qoʻyildi. Ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

– aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish;

– fuqarolarning uy-joy qurilishiga yoʻnaltirilgan mablagʻlarini ishonchli himoya qilish myexanizmlarini yaratish;

– sogʻliqni saqlash tizimini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish;

– zamonaviy texnologiyalar, xususan, sunʼiy intellekt sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish;

– iqtisodiyotning yangi yoʻnalishlari, jumladan, franchayzing, kapital bozori va startaplarning faoliyatiga oid huquqiy asoslarni mustahkamlash.

Toʻrtinchidan, yangi davrda parlament haqiqiy xalq uyiga, uning quyi palatasi esa gʻoyalar generatoriga aylanishi lozim. Shuningdek, parlament sogʻlom raqobat, bahs va munozaralar maydoni boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Buning uchun bir qator qoʻshimcha huquqlar va kafolatlar taklif etildi:

– parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlar sonini 3 tadan 6 taga oshirish;

– 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini muxolifat uchun kafolatli ajratish;

– har chorakda “Hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida kamida bittadan masala kiritish imkoniyati yaratish.

Beshinchidan, Prezident Qonunchilik palatasiga yangi huquqlar berilganini eslatib oʻtdi. Bunga muvofiq, Hukumat aʼzosining hisobotini eshitish, uning yakunlariga koʻra mazkur rahbarni isteʼfoga chiqarish haqida Prezidentga taklif kiritish huquqi amalga oshirilishi mumkin.

Oltinchidan, Davlat Rahbari parlament oldiga Davlat byudjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolati ekanligini eslatib oʻtdi. Shu munosabat bilan, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirish, Hukumatning davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda Qonunchilik palatasiga kiritish amaliyotiga oʻtish vazifasi belgilandi.

Bundan tashqari, davlat byudjeti ijrosini nazorat qilishda parlament qoʻmitalari rolini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Yettinchidan, joylarda aholi farovonligini oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda parlamentning faol ishtirokini taʼminlash muhimligi qayd etildi. Xususan, deputatlarni investitsiya dasturlarini tayyorlash jarayoniga jalb qilish va ularning fikrlarini inobatga olish imkoniyatini yaratish maqsadida aniq mexanizmlarni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Sakizinchidan, tuman va shaharlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida kelgusi yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini toʻliq, daromad soligʻining esa kamida 50 foizini tuman va shahar hududida qoldirish taklifi bildirildi.

Toʻqizinchidan, fuqarolar tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlash maqsadida, Prezident Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha parlament komissiyasini tashkil etish taklifini bildirdi.

Oʻninchidan, Davlat Rahbari xalqaro parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish boʻyicha parlament komissiyalarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Yangi tuzilayotgan parlament komissiyasiga tashabbusni qoʻlga olib, qonunlarni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga toʻliq moslashtirish vazifasi qoʻyildi.

Xulosa qilib aytganda, yangi chaqiriq parlamenti oldida turgan vazifalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mantiqiy davomi sifatida katta ahamiyatga egadir. Ushbu vazifalarning toʻliq va samarali amalga oshirilishi nafaqat qonunchilik tizimini takomillashtirishga, balki xalq farovonligini oshirishga hamda jamiyatda demokratik qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Abdullayev Baxtiyor,

Demokratik jarayonlarni

tahlil qilish markazi boʻlim boshligʻi