Surxondaryoda aholining ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish holati muhokama qilindi

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy boʻlinmasi va hamkor tashkilotlar tomonidan “Surxondaryoda aholining ijtimoiy himoya xizmatlaridan qulay va tezkor foydalanish holati” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda soʻnggi yillarda aholiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar koʻlami va sifati muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi izchil takomillashtirilmoqda. 2023-yil 1-iyunda Prezidentning PF-82-sonli Farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 2024-yilda butun mamlakat boʻylab “Inson” markazlari va mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatilmoqda. Jumladan, nogironlar, kam taʼminlangan oilalar, keksalar va mehnat bozorida raqobatlasha olmaydigan fuqarolar uchun turli qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilmoqda. Nogironligi boʻlgan shaxslar protez-ortopediya vositalari, aravachalar, eshitish moslamalari bilan taʼminlanyapti.
Bundan tashqari, ijtimoiy xizmatlarning qamrovini kengaytirish, elektron hujjatlashtirishni osonlashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va ijtimoiy xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha ishlar davom etmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida 3 271 ta ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilgan boʻlib, jumladan, 1 006 ta nogironlar aravachasi, 295 ta eshitish moslamasi, 1 549 ta qoʻltiqtayoq va boshqa zarur vositalar aholiga yetkazildi.
Davra suhbati davomida ijtimoiy xizmatlarning qamrovini oshirish, aholining hujjatlarni rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklarini bartaraf etish, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash va ijtimoiy xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, bandligini oshirish hamda ular uchun qulay infratuzilma yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.