Diniy barqarorlikni taʼminlash va dunyoviylik tamoyillarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi subsidiya mablagʻlari doirasida oʻtkazilgan tadbirda Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, islomiy va noislomiy diniy tashkilotlar, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda mutaxassislar ishtirokida muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Taʼkidlanganidek, joriy yil 25-fevral kuni “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan. Ushbu konsepsiya 7 bob va 41 banddan iborat boʻlib, mamlakatda vijdon erkinligini taʼminlash, dunyoviylik, erkinlik, tenglik va ijtimoiy adolatni mustahkamlash orqali barqaror taraqqiyot va totuvlikni taʼminlashga qaratilgan.
Qayd etilganidek, mazkur konsepsiya davlatchilikning boy milliy va tarixiy tajribalari hamda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan holda ishlab chiqilgan. U koʻpmillatli va koʻpkonfessiyali Oʻzbekistonda umumjamiyat manfaatlarini taʼminlash, madaniy xilma-xillikni saqlash va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Suhbat davomida Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash borasidagi zamonaviy holatga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, oxirgi yillarda Haj kvotasi 3 barobarga oshirilgani, Umra ziyorati uchun kvotalar bekor qilingani natijasida qariyb 800 ming fuqaro Saudiya Arabistoniga ziyoratga borgani qayd etildi. Shuningdek, 10 mingdan ziyod boshqa din vakillari 10 dan ortiq xorijiy davlatlardagi muqaddas qadamjolarga tashrif buyurgani taʼkidlandi.
Shuningdek, diniy taʼlim tizimini rivojlantirish, dunyoviy va diniy bilimlarni uygʻunlashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani bildirildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyati hududiy boʻlinmasi