Barqaror kelajak sari yoʻlda raqamli texnologiyalarning oʻrni yuqori

Oʻzbekistonning bir qator nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat delegatsiya Milan shahrida oʻtkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) yillik yigʻilishi tadbirlarida ishtirok etishmoqda.
OTB 58-yillik yigʻilishining “Raqamli texnologiyalar: Barqaror kelajak sari yoʻl” mavzusidagi fuqarolik jamiyati sessiyasida raqamli innovatsiyalar orqali ekologik muammolarni hal etish, aholini faollikka chorlash va ijtimoiy tenglikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Antonio Zaballos, OTBning Raqamli texnologiyalar, iqlim oʻzgarishi va barqaror rivojlanish boʻyicha direktori:
Aholining eng chekka qatlamlariga yetib borishda raqamli texnologiyalar eng kuchli vositaga aylanmoqda. Biz barqaror kelajakni aynan innovatsiyalar orqali qurishimiz mumkin.
Maks Kyuvelye Djakomelli, GSMA Mobile for Development Foundation vakili:
Mobil texnologiyalar — bu faqat aloqa emas, balki imkoniyatlar platformasi. Raqamli vositalar yordamida insonlarga tahlikali davrda ham tezkor yordam yetkazish, ularni taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlariga ulash mumkin.
Sessiyada, shuningdek, Samoa, Nepal, Turkiya kabi mamlakatlar fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, raqamli vositalar yordamida jamoalarning iqlim oʻzgarishiga qarshi qanday kurashayotganini muhokama qildilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari shu kuni OTBning ijtimoiy rivojlanish boʻyicha eksperti Malika Shagazatova bilan Oʻzbekistonda mehnat muhofazasi va xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikni oldini olish masalalarida hamkorlikda monitoring qilish mavzusida fikr almashdi. Bu borada OTBning 2026-yildan boshlab faol siyosat olib borishi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, ogʻir sharoitdagi ayollarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.