ACDP logo
Kirish
header bg

Samarqandda davlat grantlarining shaffofligi va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi oʻrni muhokama qilindi

107
Поделиться:
Samarqandda davlat grantlarining shaffofligi va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi oʻrni muhokama qilindi

2025-yil 7-mart kuni Samarqand viloyatida “Davlat grantlari ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona platforma bilan ishlash tartiblari, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish” mavzusida seminar tashkil etildi.

 

Tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Samarqand hududiy boʻlinmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining Samarqand viloyat boʻlimi hamkorligida tashkil etildi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

 

Seminar davomida davlat grantlari ajratish jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash boʻyicha innovatsion yechimlar muhokama qilindi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi oʻrni va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Maʼruzachilar davlat grantlaridan samarali foydalanish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash yoʻnalishlarida oʻz taklif va tavsiyalarini taqdim etdilar.

 

Shuningdek, seminar ishtirokchilari davlat grantlaridan foydalanish va monitoring jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlarining samarali ishtiroki yuzasidan fikr almashdilar. Korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish boʻyicha grant tanlovlarida ishtirok etish mexanizmlari va amaliy usullar muhokama qilindi.

 

Tadbir yakunida fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, davlat grantlaridan foydalanish jarayonlarini yanada shaffof va samarali tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

 

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Samarqand viloyati hududiy boʻlinmasi