“Ommaviy madaniyatning yoshlar ongiga zararli taʼsiri” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi

Bugungi axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda ommaviy madaniyat turli yoʻllar orqali hayotimizga keng kirib kelmoqda. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari va musiqa industriyasi orqali tarqalayotgan maʼlumotlar baʼzan yoshlarning ongida chalkashlik, notoʻgʻri xulosalar va hayotga yengil qarash kabi salbiy oqibatlarga sabab boʻlmoqda.
Shu munosabat bilan Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan “Ommaviy madaniyatning yoshlar ongiga zararli taʼsiri” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Qarshi davlat universiteti talabalari, viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida soʻnggi yillarda internet va xorijiy mediaplatformalar orqali tarqalayotgan ommaviy madaniyat elementlari milliy anʼanalarimiz, axloqiy meʼyorlarimiz va maʼnaviy qadriyatlarimizga jiddiy putur yetkazayotgani alohida taʼkidlandi. Xususan, yoshlar ongi, dunyoqarashi, kiyinish uslubi, hayot tarzi va oʻzini tutishida buning taʼsiri sezilarli darajada ekani hayotiy misollar asosida yoritib berildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan ommaviy madaniyat koʻrinishlari yoshlarda zoʻravonlik, kashandalik, alkogolizm, moddiy boylikka boʻlgan haddan tashqari qiziqish, ota-onani eʼzozlash kabi qadriyatlarga nisbatan bepisand munosabatni shakllantirayotgani qayd etildi. Bu holat, oʻz navbatida, jamiyat rivojiga tahdid solishi, yosh avlodning sogʻligʻiga zarar yetkazishi, ong va dunyoqarashini cheklash, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan uzoqlashtirish, irodasini zaiflashtirishga olib kelayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, yoshlarni media maydonda sifatli va ishonchli axborot bilan taʼminlash, axborot xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlarining ijrosi, shu bilan birga, globallashuv sharoitida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni va vazifalari haqida ham fikr almashildi.
Tadbirda yoshlarni maʼnaviy tahdidlar va yot gʻoyalardan himoya qilish, milliy gʻoya va maʼnaviy tarbiyani mustahkamlash, axborot savodxonligini oshirish hamda tanqidiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.
Yigʻin yakunida talaba-yoshlar tomonidan ommaviy madaniyatning salbiy taʼsirlarini kamaytirish, yoshlar ongini himoya qilish boʻyicha amaliy taklif va mulohazalar bildirildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy boʻlinmasi