Matbuot kotiblari uchun malaka oshirish seminari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi va Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida matbuot kotiblari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar davomida “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning maqsad va vazifalari, uni amaliyotda qo‘llash masalalari, axborot resurslari hamda tizimlarining ahamiyati muhokama qilindi. Shuningdek, aholining davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda matbuot kotiblarining roli, axborot tarqatishda tezkorlik va xolislik tamoyillari yuzasidan mahorat darslari o‘tkazildi.
O‘quv-seminar ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro aloqalarini yaxshilash, brend imidjini oshirish va inqirozli holatlarda samarali harakat qilish bo‘yicha fikr almashildi.
Seminar yakunida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan masalalarga rasmiy javob berish tartibi tahlil qilindi va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.