Korrupsiya: raqamli texnologiyalarni qoʻllash afzalliklari

Bugun axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar kundalik hayotimizning asosiy qismiga aylanib ulgurdi. Oʻz navbatida, raqamlashtirish butun dunyo boʻylab hukumatlarni modernizatsiya qilish, ular faoliyatida samaradorlikni oshirish va davlat xizmatlari koʻrsatilishi jarayonining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Axborot texnologiyalari, shuningdek, shaffoflikni oshirish, jamoatchilik nazorati uchun maʼlumotlarni taqdim etish, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, mansabdor shaxslar va fuqarolarning xizmatlardan foydalanishda “vositachilar” bilan oʻzaro munosabatlarida ixtiyoriy vakolatlarini cheklash orqali korrupsiyani kamaytirishda asosiy vosita sifatida baholanmoqda.
Norvegiya, Finlyandiya, Singapur kabi koʻplab davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi ilgʻor tajribalari asosida ham raqamli texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar muhim rol oʻynaganini koʻrishimiz mumkin. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali jarayonlarning shaffofligini oshirish mumkin.
Masalan, davlat xaridlari, litsenziyalar berish, ruxsatnomalar olish kabi jarayonlarni onlayn platformalar orqali amalga oshirish, mazkur jarayonlarning barcha bosqichlarini kuzatish imkonini beradi va korrupsiya xavfini kamaytiradi. Ochiq maʼlumotlar portallari orqali davlat byudjeti, xaridlar, loyihalar haqidagi maʼlumotlarni jamoatchilikka ochiqlash esa jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, korrupsiya holatlarini aniqlashga yordam beradi.
Davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ochiq maʼlumotlar portallarini yaratish, elektron hukumat tizimini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina davlat xaridlari sohasini olib koʻraylik. Oʻzbekistonda davlat xaridlarining elektron tizimi joriy etilgandan soʻng, bu tizim xarid jarayonlarining shaffofligini oshirib, korrupsiya xavfini kamaytirdi.
Xususan, barcha tenderlar onlayn tarzda oʻtkazilishi, mansabdor shaxslarning “manfaatli” aralashuvini cheklashga xizmat qildi. Natijada, tenderlarda ishtirok etuvchilar soni sezilarli darajada oshdi. Bu esa raqobatni kuchaytirib, xarid narxlarining pasayishiga olib keldi. Ayrim tenderlarda narxlar 15-20% gacha pasaygan holatlar kuzatildi. Pirovardida byudjet mablagʻlarining sezilarli darajada tejalishiga erishildi.
Joriy yil 5-mart kuni Prezidentimiz Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yigʻilishida mamlakatimizda sohalarni raqamlashtirish orqali korrupsiyaning kamaytirilishida erishilgan natijalar va bu borada kelgusida ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratdi. Davlatimiz rahbari korrupsiyani tag-tomiri bilan quritish uchun, avvalo, inson omili va qogʻozbozlikni kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu borada har bir sohada raqamli texnologiyalarni qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, fuqarolar suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiya, pensiya va moddiy yordam olish kabi masalalarda idorama-idora yurmasdan, onlayn javob oladigan tizim boʻlishi kerakligi, sunʼiy intellekt asosida aholining savollariga qoʻl telefoni orqali sodda javob beradigan onlayn platformani ishga tushirish boʻyicha alohida koʻrsatma berildi.
Shuni alohida eʼtirof etish kerak, bugun yurtimizda raqamlashtirishni korrupsiyaga qarshi kurashning muhim omili sifatida qaralib, bu borada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Shunga qaramay, raqamlashtirishning toʻliq samaradorligi uchun qonun ustuvorligi, jamoatchilik nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan siyosiy iroda kabi boshqa omillar ham muhim ahamiyatga ega.
Sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar tahlili va blokcheyn texnologiyalarining rivojlanishi korrupsiya holatlarini aniqlash va oldini olishda yangi imkoniyatlar yaratadi. Davlat xizmatlarining toʻliq raqamlashtirilishi, ochiq maʼlumotlarning keng tarqalishi va jamoatchilik nazoratining kuchayishi korrupsiya xavfini minimallashtirishga yordam beradi. Bu esa, oʻz navbatida, davlat institutlariga boʻlgan ishonchni oshiradi, investitsiya muhitini yaxshilaydi va jamiyatda adolat tamoyillarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Muhammadali Ubaydullayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Namangan viloyat hududiy boʻlinmasi rahbari.