Fargʻonada partiya guruhlari faoliyati va uning huquqiy asoslari muhokama qilindi

Jamiyatda demokratik islohotlarni amalga oshirish va fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyat yuritishini taʼminlashda xalq vakillik organlarining oʻrni beqiyos. Xususan, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari orqali hududiy muammolarni hal etish, joylarda qonunlarning ijrosini taʼminlash va saylovchilar manfaatlarini himoya qilishda siyosiy kuchlarning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi va siyosiy partiyalarning viloyat Kengashlari bilan hamkorlikda “Xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari faoliyati va uning huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Markazning viloyat hududiy boʻlinmasi, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari aʼzolari, siyosiy partiyalarning viloyat Kengashi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari faoliyatining huquqiy asoslari, ularning vakolat va majburiyatlari, shuningdek, amaliy tajribalar xususida fikr almashdilar. Partiya guruhlari orqali joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, saylovchilarning talab va ehtiyojlarini oʻrganish va qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish borasidagi mexanizmlar muhokama qilindi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan mahalliy vakillik organlarining samaradorligini oshirishda partiya guruhlari faoliyatining ahamiyati, ularning jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdagi roli va siyosiy kuchlar oʻrtasidagi konstruktiv muloqotni taʼminlash borasida fikr-mulohazalar bildirdi. Jumladan, partiya guruhlarining rivojlangan demokratik davlatlardagi faoliyati boʻyicha xalqaro tajriba va namunaviy amaliyotlar haqida maʼlumotlar taqdim etildi. Ayniqsa, partiyalar guruhlari orqali mahalliy boshqaruvda samarali ishtirok etish va jamoatchilik fikrini shakllantirishda qoʻllanilayotgan innovatsion yondashuvlar xususida qizgʻin muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidan oʻrin olgan 100 ta maqsadga erishish gʻoyalari va ularning ijro mexanizmlari boʻyicha loyihalarni jamlash hamda keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etishga qaratilgan “Kutilgan Fursat” loyihasi yuzasidan maʼlumotlar berildi. Loyihaning asosiy maqsadi va loyiha doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, ularning ijtimoiy ahamiyati va kutilayotgan natijalar haqida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.
Ushbu tadbir xalq vakillik organlari va siyosiy partiyalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, partiya guruhlarining huquqiy bilimlarini oshirish hamda ular faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi