Deputat va saylovchi oʻrtasidagi aloqa mustahkamlanmoqda

Xalq vakillarining saylovchilari bilan oʻzaro hamkorligi qanchalik mustahkam boʻlsa, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar shunchalik samarali kechadi. Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy boʻlinmasi va Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilgan “Mahalliy Kengashlar deputatlarining oʻz saylovchilari hamda partiya deputatlik guruhi bilan aloqalarini rivojlantirish masalalari” mavzusidagi davra suhbati aynan shu muhim maqsadga yoʻnaltirildi.
Tadbirda mahalliy Kengash deputatlarining saylovchilar bilan muloqotini mustahkamlash, partiya deputatlik guruhlari oldidagi vazifalar haqida tushuncha berish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Deputatlarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov Kodeksi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni keng yoritildi.
Davra suhbatida Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, siyosiy partiyalar, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy boʻlinmasi va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar Qashqadaryo viloyatida 60 nafar viloyat Kengashi deputati, 400 nafar shahar va tuman kengashlari deputatlari faoliyat yuritayotganini taʼkidlab, ularning saylovchilar va partiyalari bilan doimiy muloqot qilishi shart ekanligiga urgʻu berishdi. Shuningdek, “Saylovchi – deputat – hokim – Kengash” toʻrt boʻgʻinli hamkorlik tizimi joriy etilgani, uning samarali ishlashi uchun deputatlar oʻz okruglarida aholi bilan doimiy uchrashuvlar tashkil etishi zarurligi qayd etildi.
Mahalliy Kengash deputatlari jamoatchilik fikrini oʻrganib, yechimini kutayotgan masalalarni aniqlash va ularni tegishli ijro organlariga taklif sifatida kiritish imkoniyati yanada kengaygani taʼkidlandi. Ushbu takliflarni ijro organlari tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va amalda hal etilishi esa, deputatlik korpusi hamda hokimliklar oʻrtasidagi hamkorlikning amaliy natijasi sifatida baholandi.
Davra suhbati qizgʻin muhokamalar bilan oʻtdi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish boʻyicha fikr almashishdi. Taʼkidlandiki, deputatlar nafaqat saylovchilar manfaatini himoya qiluvchi asosiy kuch, balki joylardagi muammolarni hal etish uchun davlat idoralari bilan bogʻlovchi muhim boʻgʻin hisoblanadi.
Shu bois, bugungi muhokamalardan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar deputatlarining faoliyatini yanada kuchaytirish, ularning vakolatlarini amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda saylovchilar bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etilishi kutilmoqda.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy boʻlinmasi