Yevroparlament deputatlari bilan tarixiy uchrashuv oʻtkazildi

Fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasining Bryusseldagi uchrashuvlari davom etmoqda. Navbatdagi uchrashuv Yevroparlament deputatlari bilan tashkil qilinib, unda mamlakatimizga tashrifi rejalashtirilgan deputatlar oʻzbekistonlik fuqarolik jamiyati vakillarining fikr-mulohazalarini eshitdi.
Delegatsiya rahbari A.Pardayev Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlarining huquq-manfaatlari Konstitutsiyaning alohida bobida mustahkamlab qoʻyilgani, sohaga doir qonunchilikning takomillashtirib borilayotgani, shuningdek, yaqinda Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti hamda Global iqlim forumining mintaqa uchun ahamiyati toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Shuningdek, mamlakatdagi oʻzgarishlar va Yevropa mintaqasi bilan faol hamkorlik masalalarida delegatsiya aʼzolari ham oʻzlarining fikrlarini bildirdi.
Savol-javoblarda siyosiy partiyalar faoliyatini rivojlantirish, "aql markazlari" oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish va aloqalarni kuchaytirish masalalarida fikr va takliflar oʻrtaga tashlanib, birgalikda ishlash uchun ularda qiziqish uygʻotishga erishildi.
Yevroparlament deputatlari bilan ushbu formatdagi uchrashuv Oʻzbekiston delegatsiyalari ishtirokida ilk marta oʻtkazilgan boʻlsa-da, oʻzaro hurmat va konstruktiv muloqot ruhi kuzatildi.
Delegatsiyaning uchrashuvlari davom etadi.