Oʻzbekiston va Fransiya fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi yanada kuchayadi

Parijda Oʻzbekiston delegatsiyasi hamda Fransiya jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi. Davra suhbatini Oʻzbekistonning ushbu davlatdagi elchisi Nodir Gʻaniyev ochib, joriy yil 13-14-mart kunlari Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqqani va strategik hamkorlarga aylantirganini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi rahbari A.Pardayev ham elchining fikrlarini qoʻllab-quvvatlab, Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ham Fransiyaning fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga katta turtki berganini eʼtirof etdi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarga toʻxtalib, oxirgi 8 yilda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan demokratik islohotlar natijasida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jamiyatning dolzarb muammolarini hal qilish, takliflar ishlab chiqish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda faol ishtirok etayotgani keltirib oʻtildi.
Davra suhbatidan keyingi norasmiy muloqotlarda delegatsiya aʼzolari tomonidan bir qator NNT va “aql” markazlari vakillari hamda ekspertlar bilan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar natijalarini eʼlon qilib borish, oʻzaro maʼlumot almashishni yoʻlga qoʻyish, ochiq va innovatsion boshqaruv, fuqarolik kommunikatsiyasi va jamiyat bilan muloqot sohalarida salohiyatni oshirish masalalarida hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga kelishib olindi.