Fransiyada Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati vakillari va Yevropa istiqbol va xavfsizlikni oʻrganish instituti oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi

2025-yil 15-aprel kuni Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat delegatsiya Fransiyadagi Yevropa istiqbol va xavfsizlikni oʻrganish instituti direktori Emmanuel Dyupyui bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv Oʻzbekiston Prezidentining 2025-yil mart oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam boʻldi.
Delegatsiya rahbari A.Pardayev oʻz soʻzida, davlat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotganini qayd etib, Fransiyadagi “aql markazlari” va NNTlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari B. Bekmurodov hamda S.Xodjayeva oʻz chiqishlarida Oʻzbekiston va Fransiya munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikda hududiy va jamoatchilik darajasidagi munosabatlarni rivojlantirish zarurligini aytib oʻtdi.
Oʻz navbatida Emmanuel Dyupyui Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholab, 22 yil davomida yurtimizdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni kuzatib borganini va oxirgi yillarda erishilayotgan natijalardan mamnunligini bildirdi. Shu bilan birga, u fransiyalik va oʻzbekistonlik ekspertlar oʻrtasida muntazam tajriba almashuvini tashkil etish taklifini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Fransiyadagi markazlashgan davlat boshqaruvi sharoitida NNTlar faoliyatida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar, shuningdek, nomarkazlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. E.Dyupyui bu masalalarda Oʻzbekiston tajribasi muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Bundan tashqari, E.Dyupyui tomonidan Oʻzbekiston va Fransiyaning tarixiy shaharlari oʻrtasida “birodar shahar” maqomini joriy etish orqali madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqot foydali va amaliy ahamiyatga ega boʻlganini qayd etib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga intilishlar davom ettirilishiga kelishib olindi.