Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy boʻlinmasi tomonidan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbirda Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi, OʻzNNTMA, “Yuksalish” harakati va Mahallalar uyushmasining hududiy boʻlinmalari rahbarlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida islohotlarni chuqurlashtirish, davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar eʼtirof etildi.
Qayd etilganidek, fuqarolik jamiyati institutlarining asosiy boʻgʻini boʻlgan mahalla institutiga, oʻzini oʻzi boshqarish organlariga qaratilgan jiddiy eʼtibor samarali natijalar bermoqda. Mahallaning jamoatchilik nazorati bilan bogʻliq faoliyati ham tobora kengayib, jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi asosiy subyektlardan biriga aylanib bormoqda.
Tadbir davomida “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunlarning ijrosini taʼminlash va hududlarda samarali jamotachilik nazoratini amalga oshirishning joriy holati muhokama qilindi.
Xususan, Toshkent viloyatidagi 1025 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 1025 ta “Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati” boʻyicha komissiyalar tuzilgan. Mazkur komissiyalarda 14 204 nafar mahallada oʻz obroʻsiga, pozitsiyasiga ega boʻlgan nufuzli insonlar jamoatchilik asosida faoliyat olib bormoqda.
Tahlillarga koʻra, mahallalardagi jamoatchilik tuzilmalari tomonidan 2025-yilning 1-choragida 800-martadan ziyod jamoatchilik monitoringi oʻtkazilgan, davlat tashkilotlariga 468-marta yozma soʻrov yuborilgan, 160-marta davlat tashkilotlarining hisobotlari eshitilgan.
Shuningdek, mahallalardagi jamoatchilik tuzilmalari, “Mahalla nazorati”, “Keksalar maslahati” guruhlari va “Oqila ayollar” harakatiga fuqarolar yigʻinlaridagi faol fuqarolar jalb etib, aniq maqsadlar yoʻlida safarbar etilishi ham tizimning jamiyatning eng kichik va asosiy boʻgʻinlarigacha kirib borishiga zamin yaratmoqda.
Bundan tashqari, tadbirda mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlari va faollarining huquqiy madaniyatini oshirish, har chorakda hududiy davlat organlari rahbarlarining mahalla faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish amaliyotini keng joriy qilish, davlat organlari va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish singari qator yoʻnalishlarda samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Toshkent viloyati hududiy boʻlinmasi