"Umummilliy totuvlik va millatlararo hamjihatlik — taraqqiyot va farovonlik garovi"

Jamiyatda diniy bagʻrikenglik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash, koʻp millatli va turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi xalqimizning tinch va osoyishta hayot kechirishiga erishishda nafaqat davlat tashkilotlari, balki turli diniy konfessiyalar va milliy madaniy markazlar, bir soʻz bilan aytganda, fuqarolik jamiyati institutlarining ham oʻrni beqiyos.
Xususan, globallashuv tezlashayotgan va dunyoning turli mintaqalarida notinchlik hukm surayotgan davrda bu borada olib borilayotgan davlat siyosatini keng jamoatchilikka yetkazish, yechimini kutayotgan savollarga javob topish, joylarda qonunchilik hujjatlari ijrosi va fuqarolarning diniy eʼtiqodlarini toʻliq taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan viloyat hokimligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda “Jamiyatda diniy barqarorlikni taʼminlash va dunyoviylik tamoyillarini rivojlantirish boʻyicha aholining xabardorligini oshirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari, hokimlik masʼullari, Markazning Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi va din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat boshqarmasi mutaxassislari, viloyatdagi milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, islomiy va noislomiy tashkilotlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar Jonajon Oʻzbekistonimiz, yurtimizda tili, dini, eʼtiqodi va millatidan qatʼiy nazar barcha uchun yagona Vatan ekanligi, barcha millat vakillariga oʻz tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylashi, rivojlantirishi va kelgusi avlodlarga meros qoldirishi uchun zarur sharoitlar yaratilganligi taʼkidlandi.
Davlat rahbari boshchiligida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, dinlararo bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilib, turli din va millat vakillarining tinch-totuv, ahil-inoq istiqomat qilayotgani, yagona Vatan tushunchasining qalblarga muhrlangani mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etayotganligi eʼtirof qilindi.
Xususan, 2023-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasida ham jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash hamda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida maqsadlar qoʻyilganligiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Bundan tashqari, joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati” Konsepsiyasi qabul qilingani, “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlar kabi sohaga oid qabul qilingan hujjatlarning mazmuni, mohiyati, ahamiyati, unda belgilangan vazifalar hamda yaratilgan imkoniyatlar xususida soʻz yuritildi.
Taqdimotlar va munozaraga chiqqan milliy madaniy markazlar, islomiy va noislomiy tashkilotlar va nodavlat tashkilotlari vakillari tomonidan millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ijobiy fikrlar, ishtirokchilarga tushuntirishlar berildi, zarur maʼlumotlar ulashildi, muhokamalar oʻtkazildi.
Ushbu tadbir davlat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, dinlararo totuvlik taʼminlash va millatlararo munosabatlarni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi