ACDP logo
Kirish
header bg

“Sport nega kerak”chilarga ikki ogʻiz soʻz

225
Поделиться:
“Sport nega kerak”chilarga ikki ogʻiz soʻz

Fransiya sport arenalarida boʻlib oʻtgan “Parij – 2024” yozgi Olimpiada oʻyinlari koʻp jihatlari bilan yodda qoladigan boʻldi.

Mazkur yirik sport musobaqasiga koʻrilgan tayyorgarlik, delegatsiyalar uchun yaratilgan sharoitlar qoniqarsizligi, shahar koʻchalarining tozaligiga havas qilib boʻlmasligi, sportchilar shaxsiy buyumlarining oʻgʻirlanishi kabi holatlar xavfsizlik choralari yetarli darajada koʻrilmaganidan dalolat ekani haqida koʻplab munosabatlar bildirildi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻplab foto va videolavhalar yoyinlandi.

Biz uchun eʼtiborli jihati, mamlakatimiz sportchilarining munosib ishtirok etishlari uchun davlatimiz rahbariyati tomonidan zarur sharoitlar yaratilgani boʻldi. Bunda hattoki oziq-ovqat masalasi ham nazardan chetda qolmadi.

Shu yurtning farzandi sifatida sportchilarimizga koʻrsatilgan eʼtibor va mehrdan quvondik. Ming shukrki, chinakam jonkuyarlik bilan yaratilgan sharoitlar oʻz samarasini berdi. Buni sportchilarimiz erishgan natijalarida ham koʻrish mumkin.

Mamlakatimiz delegatsiyasining shu paytgacha eng yaxshi natijasi “Rio-2016”da boʻlib, unda 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medal qoʻlga kiritilgan edi. “Parij-2024”da tarixiy natija qayd etilib, Oʻzbekiston 206 ta mamlakat orasida 13 ta medal bilan 13-oʻrinni egalladi.

Bitta olimpiadada sakkizta oltin medalni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston olimpiada oʻyinlarida MDH, Markaziy Osiyo, turkiy va musulmon davlatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Bu tarixiy natija davlatimiz mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida qoʻlga kiritilgani muhim voqelik boʻldi.

Avvalo, shuni aytish zarurki, yuksak yutuqlarni qoʻlga kiritgan sportchilarni, chempionlarni mukofotlash orqali yosh avlodning sportga boʻlgan ishtiyoqi va qiziqishi keskin yaxshilanadi. Mamlakatda sogʻlom turmush tarziga rioya qiluvchilar safi kengayadi. Buning qiymatini milliardlab dollar bilan ham oʻlchab boʻlmaydi.

Qolaversa, sogʻlom insonda qiyinchiliklarga yengilish hissi deyarli boʻlmaydi. Kurashuvchanlik ortadi.

Olimpiya oʻyinlarining sport va taʼlim oʻrtasidagi aloqalari Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasining (XOQ) oʻzidan ham uzoqroqqa borib taqaladi. Fransiyalik ziyoli va XOQ asoschisi baron Per de Kuberten uyushgan sport maʼnaviy va ijtimoiy kuch yaratadi, deb hisoblab, irqi, millati va daromadidan qatʼi nazar, butun dunyo boʻylab yoshlarning taʼlim va sport bilan shugʻullanish imkoniyatini kengaytirishni keng targʻib etgan. Shu gʻoyalar qisman zamonaviy Olimpiya oʻyinlari – xalqaro atletika festivalining yaratilishiga olib kelgan.

Bugungi kunda ham Per de Kuberten gʻoyalari oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. 2015-yilda BMT Bosh Assambleyasi sportning tinchlik va taraqqiyotga qoʻshayotgan hissasini eʼtirof etib, sport bagʻrikenglik va hurmatni ragʻbatlantirishini eʼlon qildi.

2016-yilda Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida sportdan oʻquv quroli sifatida foydalanish, butun Braziliya maktablarida taklif qilinadigan sport turlarini koʻpaytirishga qaratilgan “Transforma” taʼlim dasturi ishga tushirildi. Tadqiqotlar 28 000 dan ortiq Braziliya maktablari ushbu dasturda ishtirok etayotgani va mamlakatda sport bilan shugʻullanish miqdori va sifati ortganini koʻrsatgan.

Ikkinchidan, sportchilarga koʻrsatilayotgan eʼtibor yoshlar oʻrtasida oʻziga ishonch ruhini oshirishga, ularni barkamol inson sifatida hayotga tayyorlashga xizmat qiladi. Yoshlar chempionlarga havas qilib, ulardek boʻlishga bor gʻayratlari bilan intiladilar. Ularda hayotga nisbatan qarash oʻzgaradi, aniq maqsad sari intilish harakteri shakllanadi. Yurtimizdan kelajakda yanada koʻplab chempionlar yetishib chiqadi. Bunday maqsad uchun, sogʻlom turmush ishtiyoqi uchun har qancha ragʻbat koʻrsatilsa arziydi.

Havas deganimizga, shu kunlarda qiz farzandli boʻlgan koʻplab yurtdoshlarimiz qizaloqlariga Diyora deb ism berayotgan ekan. Bu olimpiada chempionimiz Diyora Keldiyorova misolida sportchilarimizga koʻrsatilayotgan eʼtiborning mahsulidir.

Maʼlumotga koʻra, Diyora Keldiyorova 28-iyul kuni Toshkent vaqti bilan 21:46 da gʻalaba qozongan. 29-iyul va 12-avgust kunlari oraligʻida mamlakatimizda jami 43 450 ta, shundan 20 861 ta qizning tugʻilishi qayd qilingan boʻlib, ularning 466 nafariga Diyora ismi qoʻyilgan.

Uchinchidan, Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, “Tokio-2020” oʻyinlarini butun dunyo boʻylab 3 milliard kishi tomosha qilgan. Yaponiyada Olimpiadani mamlakat aholisining 91 foizi (taxminan 116 million kishi) tomosha qilgan. 20 million avstraliyalik 2020-yilgi oʻyinlarni tomosha qilgan, bu Avstraliya televideniyesi tarixidagi rekord koʻrsatkich boʻlgan. Qoʻshma Shtatlarda soʻnggi yozgi Olimpiadani 150 million kishi tomosha qilgani ham rekorddir.

XOQ shuningdek, ularning ijtimoiy media platformalari kirish va ishtirok etishning rekord darajalariga erishganidan faxrlanadi. XOQning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari taxminan 110 million obunachiga ega va oylik oʻzaro aloqalar soni 640 millionni tashkil etadi, bu 2020-yilga nisbatan 966 foizga koʻp. Qoʻmita rasmiy veb-saytiga yagona tashrif buyuruvchilar soni 2023-yilda 115 millionga yetgan, bu 2022-yilga nisbatan 28 foizga koʻpdir.

Parijdagi Olimpiadaning rasmiy ijtimoiy media kanallari oʻyinlarning birinchi haftasida 8,5 milliarddan ortiq tomoshani yigʻdi. Bu “Tokio-2020”dagidan 40 foizga koʻp demakdir. Birgina ochilish marosimini France Télévisions orqali 23,4 million tomoshabin koʻrgan.

Har bir OAV va ijtimoiy tarmoqda olimpiya oʻyinlarining namoyish etilishi va vatanimiz sportchilarining zafarli yurishlari, yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilib, chempionimiz sharafiga Oʻzbekiston madhiyasi yangrashi butun dunyo eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratdi.

Oʻz navbatida, bu mamlakatimizni kashf etishga boʻlgan qiziqishning ortishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, raqib sportchilar vatandoshlari va davlatlari eʼtiborini qozonamiz. Munosib eʼtiborga javoban qoʻlga kiritilayotgan yuksak natijalar kelgusida xalqaro tadbirlar va sport musobaqalarida mamlakatimizga alohida eʼtibor qaratilishi va vakillarimiz bilan oʻylab muomala qilinishiga zamin yaratib, nomdor davlatlar vakillariga yon bosish kabi yomon illatlar qurboni boʻlishdan himoyalaydi.

Toʻrtinchidan, kurrai zamin eʼtibori bizga qaragach, shu yurtni bir bor ziyorat qilishga qiziqish ortadi. Turizm rivojiga hissa boʻladi.

Dunyoga mashhur telekanallarda bir soniyalik lavhaning narxi qanchalar qimmat turishini koʻpchilik yaxshi biladi. Chempionlarimiz esa Oʻzbekiston nomini takror va takror yangrashini qayd etgan natijalari bilan, tekinga uddalashdi. Masalan, Diyoraning gʻalabasiga oid roliklar 10 mln martadan oshiq koʻrilgan. Har bir lavha mamlakatimiz nomini yanada mashhur qiladi. Shu maʼnoda, turizmga foyda keltirishi haqidagi gap shunchaki oldi-qochdi emas. Masalan, ayrim vatandoshlarimizning Yevropa mamlakatlariga sayohat qilgan chogʻlari dunyoga mashhur futbol klublari maydonlarini koʻrishga oshiqishlari, u yerdan olingan foto va videolavhani oʻzlarining ijtimoiy tarmoq sahifalarida katta zavq bilan eʼlon qilishlarini koʻp kuzatganmiz. Hatto ularga havasimiz ham kelgan.

Shunday ekan, Oʻzbekistonda sport turlarining rivojlanishi turizm salohiyatimiz oshishiga ham  foyda beradi. Bunisiga ishonchim komil. Dunyoning turli oʻlkalaridan oʻzbek sport maktablarini koʻrishga, chempionlarimiz maktablariga tashrif buyurib, ular bilan rasmga tushish istagida boʻlgan koʻplab sport ixlosmandlari kela boshlaydi. Yaʼni, mamlakatimizda sport turizmi rivoj topadi.

Beshinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda chempionlarga berilgan mukofot puliga maktab qursa boʻlardi, degan fikrlarga toʻxtalsak. Toʻgʻri, juda asosli gap. Lekin, maktab faqat moddiy tushunchami?

Esingizda boʻlsa kerak, Oʻzbekiston delegatsiyasi 1996-yilda Atlantada oʻtkazilgan Olimpiadada oʻz ishtirokini boshlagan boʻlib, unda 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan kifoyalangan edi.

2000-yilda Sidneyda boʻlib oʻtgan Olimpiadada bokschimiz Muhammadqodir Abdullayev Oʻzbekistonga tarixiy ilk oltin medalni taqdim etgani juda katta voqelik boʻlgandi. Bu ulkan muvaffaqiyat mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida boksga boʻlgan qiziqishning keskin ortishiga, sport bilan shugʻullanuvchilar safining kengayishiga turtki bergandi. Muhammadqodir chinakam oʻzbek qahramoniga, yoshlarimizning idealiga aylangandi. Har bir bolaning qalbida unga oʻxshagan yigit boʻlib ulgʻayish orzusi paydo boʻlgan edi.

Yoki Nigina Abduraimova, Iroda Toʻlaganova, Sabina Sharipova va Oqgul Omonmurodova kabi tennischi qizlarimiz sabab yurtimizda tennis bilan shugʻullanish ommalashgani ham kechagidek yodimizda.

Rustam Qosimjonov muvaffaqiyati ham qanchadan-qancha shaxmat chempionlarimiz yetishib chiqishiga turtki boʻlganini koʻrib turibmiz.

Bu misollar bilan maktab nafaqat binodan iborat emasligini, u keng miqyosdagi harakat shaklida ham boʻla olishini aytmoqchiman.

Ikki karra olimpiada chempionimiz Bahodir Jalolov va boshqa bokschilarimiz ham oʻz maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻygani esa kelajakda Muhammadqodir, Bahodir va Hasanboydek yuzlab bokschilar, Diyoradek kurashchi qizlarimiz yetishib chiqishiga, yosh avlodning mard, jasur va oriyatli boʻlib ulgʻayishiga xizmat qiladi.

Oltinchidan, yurtimizda fan va taʼlimga ham katta eʼtibor berilayotganini taʼkidlash oʻrinli. Birgina koʻplab ilmiy tadqiqot institutlari tugatilib, nochor ahvolga kelib qolgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining barcha institutlari toʻliq tiklanib, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Moddiy-texnik bazasi takomillashtirildi. Toʻxtab qolgan akademiklik saylovlari tiklandi.

Shuningdek, mamlakatimizda fan olimpiadalari sovrindorlarini oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda imtiyozlar yaratilgan. Xalqaro fan olimpiadalari sovrindori boʻlgan yoshlarimiz moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Lekin, shu oʻrinda bir narsaga eʼtibor qaratishimiz ham oʻrinli boʻladi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasiga nazar tashlaylik, birgina futbol boʻyicha top chempionatlarda futbolchilar qanchalik katta maosh olishadi? Yoki professional boks boʻyicha boʻlib oʻtadigan yirik janglarga qancha gonorar tikiladi. Bularning bari sportchining oʻz hayotini tavakkalga tikishi, oʻz sogʻligʻi va hayotini garovga qoʻyib maydonga tushishi bois. Xatarning jiddiy va kattaligi, oʻz navbatida, kurashga tikiladigan haqning ham salmogʻiga tabiiy ravishda taʼsir koʻrsatadi.

Eng yorqin futbolchilar faoliyati ham sanoqli yillarni tashkil etishini inobatga olsak, sportchining faoliyat bozoridagi barqarorlik uzoq vaqtga ega emasligini anglash oson.

Har bir jangga kirishayotgan sportchi va uning murabbiyi katta bosim va hayojonni oʻzidan kechiradi. Magʻlubiyatlar qattiq ruhiy bosimni yuzaga keltiradi, oʻziga boʻlgan ishonchning pasayishiga sabab boʻladi. Lekin, ham ruhan, ham jismonan bardam sportchigina magʻlubiyat va qiyinchiliklarni yengib oʻtishda oʻzida kuch topa oladi. Murabbiylik esa undan-da mashaqqatli. Buni Parij olimpiadasida boks boʻyicha jamoamiz murabbiyi Toʻlqin Qilichev bilan yuz bergan holat misolida ham koʻrdik. Bu jarayonlarni sogʻlom shaklda yengishda ularga ruhiy madad, eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilishi shart.

Va nihoyat, eng muhimi. Sport – tinchlik elchisi, deyiladi. Parij olimpiadasi ham qoʻlga kiritilgan medallardan tashqari bahosi hech bir moddiy boylik bilan oʻlchanmaydigan yaxshiliklarni taqdim etdi. Ezgulik, doʻstlik tuygʻulari keng yoyilishiga xizmat qildi.

Ayniqsa, oʻzbekistonlik murabbiyning qirgʻiz bokschiga sekundantlik qilgani, oʻzbek va qozoq sportchilarining oʻzaro doʻstona munosabatlaridan lavhalar va bu voqealarga bildirilgan munosabatlar xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi. Qirgʻizistonlik siyosiy tahlilchi Sulton Kanazarovning “Oʻzbekiston gʻalabalari butun mintaqanikidir” nomli munosabati keng jamoatchilik eʼtiborini tortib, ijtimoiy tarmoqlar ahilligimiz abadiy boʻlsin degan istaklarga toʻldi.

Musobaqa yakuniga qadar oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman barcha bir-birini qoʻllab-quvvatladi.  Markaziy Osiyo xalqlarini yanada birlashtirgan, birdamligini mustahkamlagan Parij olimpiadasi  chinakam doʻstlik elchisi vazifasini bajardi. Bu ulugʻ neʼmat, bu natija har qanday yutuqdan ham qimmatli va azizdir. Biz oʻzaro doʻstlikni, qalban yaqinlikni his etdik. Bunga moddiy boylik orqali erishib boʻlarmidi?

Xalqaro olimpiadalar tarixiga nazar tashlasak, mamlakatimiz delegatsiyalari erishgan natijalar bilan, hattoki, kuchli oʻttiztalikka ham kirmagan ekanmiz. Ularda ishtirok etish boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkich 1996-yili 71 nafarni tashkil etgan ekan. Bu yilgi olimpiadada mamlakatimiz sharafini 86 nafar sportchimiz himoya qildi. Bu esa, olimpiadaga yoʻllanma beruvchi xalqaro musobaqalarda raqobatbardoshligimiz ortib, salohiyatli sportchilarimiz safi kengayib borayotganidan dalolat. Bularning bari sportga koʻrsatilayotgan eʼtibor va sportchilarimiz erishgan natijalarning ragʻbati samarasidir.

Davlatimiz rahbarining oltin medalni qoʻlga kiritgan har bir sportchimiz bilan telefon orqali bogʻlanib, tabriklab borishi barcha yurtdoshlarimizga gʻurur bagʻishlashi barobarida sportchilarimiz uchun ulkan madad va ishtiyoq baxsh etdi. Bor mehr va ishonchi bilan muxlislik qilayotgan xalqi, Prezidentini xursand qilish, koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik va bildirilgan ishonchni oqlash uchun  yanada faol boʻlishga ilhomlantirdi.

Oʻzimizga bir savol beraylik, ne-ne nomdor davlatlar bir dona boʻlsa ham oltin medal olish ishqida yondilar, lekin nasib etmadi. Ular ana shu birgina oltin medal uchun biz sakkiz nafar chempionimizga toʻlangan pulni berishga ham rozi.

Aslida olimpiada shunchaki bir musobaqa emas, u mamlakatlar uchun ham har toʻrt yilda bir oʻtkaziladigan imtihondir. Bu uchun har bir davlat yillar davomida tayyorgarlik koʻradi, sport uchun moddiy resurs tikadi. Qilingan mehnat va harakatlarning natijasi ham koʻngildagidek boʻlishi uchun hosilni yigʻish pallasi, yaʼni musobaqa jarayonida ham oʻz ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlashga urinadi. Ming shukrki, yurtimizda soʻnggi yillarda sportga koʻrsatilayotgan eʼtibor Parij olimpiadasida oʻz samarasini berdi.

Chempionlarimiz sabab sportga boʻlgan ishtiyoqning ortishi kelasi musobaqalarda Oʻzbekiston nomi yanada koʻproq dovruq yoyishiga xizmat qilajak.

Bugun yuksak natijalari bilan Oʻzbekiston bayrogʻi yuksak koʻtarilishi va mamlakatimiz madhiyasi yangrashiga sabab boʻlgan chempionlarimizga, shu sport musobaqasida vatanimiz sharafini himoya qilish uchun astoydil kurashgan barcha sportchilarimizga minnatdorlik bildirsak arziydi.

Xullas, dunyoning eng nomdor jamoalari orasida munosib natijalarni qayd etgan sportchilarimiz sizu bizning yaqinlarimiz. Oʻzbekiston degan yagona, ahil oilaning aʼzolari. Bizga bir-birimizning yutuqlarimizdan quvonish va qutlash, qaygʻu va mushkullarda yelkadosh boʻlish yarashadi. Chempionlarimiz sabab bugun yurtimizda bayram bor ekan, uni ahillik va yuqori kayfiyatda oʻtkazamiz.

Donolar hasad qilish – odatda omadsizlar ishi, deydilar. Ichki muhitni buzishga, inoqlik oʻrniga nifoq solishga qaratilgan, gʻayir va hasadga yetaklaydigan gʻoyalarga aldanmang. Hamisha havas bilan, aniq va ulkan maqsadlar bilan, yaxshi kunlarda bir-birimizni qutlab yurish baxtidan bahra olib yashaylik. Tinchligimizga, ahilligimizga koʻz tegmasin. Gʻalabalarimiz bardavom boʻlsin.

Abdumutallib OʻKTAMOV,

jurnalist.