2025-yilgi Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2025-yil — “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari keng jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 2025-yil uchun 295 ta amaliy chora-tadbirlar, 87 ta normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati va maqsadli koʻrsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Loyihada atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” masalalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yoʻnalishlarida 2025-yilga moʻljallangan keng koʻlamli islohotlar nazarda tutilgan.
Loyiha 2025-yil 22-yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan oʻtkaziladi.
2025-yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishni istagan fuqarolar uzbekistan2030.uz onlayn portali orqali oʻz taklif va tashabbuslarini bildirishlari mumkin.