Qonun ijodkorligida mahalliy kengashlarning ishtiroki: strategik oʻzgarishlar yoʻnalishi

2024-yil 19-noyabr kuni Prezident Oliy Majlis Senatining yangi saylangan tarkibdagi birinchi majlisida ishtirok etib, yuqori palataning oldiga strategik ahamiyatga ega boʻlgan vazifalarni belgilab berdi.
Xususan, Senatning qonun muhokamalari jarayonida zamonaviy mexanizmlarni joriy etishi zarurligi qayd etildi. Bu jarayonda qonun ijodkorligiga mahalliy kengashlarni keng jalb qilish, har bir qonun loyihasi boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. Shu orqali qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlarining uygʻunligini taʼminlash maqsadi qoʻyildi.
Bu tashabbus mamlakat qonun ijodkorligi tizimini yanada demokratlashtirish yoʻlida muhim qadamdir. Mahalliy kengashlarning ishtiroki nafaqat texnik yangilanish, balki davlat boshqaruvining xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan tub mazmuniy oʻzgarishini ham ifodalaydi.
Birinchidan, mazkur mexanizm qonunlarning har bir hududning demografik, iqtisodiy va madaniy oʻziga xosliklariga muvofiqligini taʼminlaydi. Bu esa qonunlarning amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, mahalliy kengashlar qonun loyihalarining amaliy qoʻllanilishi boʻyicha aniqroq fikr bildirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa davlat boshqaruvining samarali va hamjihatlikda ishlaydigan modelini yaratishga yordam beradi.
Uchinchidan, bu mexanizm jamoatchilik va davlat oʻrtasida ishonchli muloqot koʻprigini mustahkamlaydi. Fuqarolar oʻzlarini qonun ijodkorligi jarayonining faol ishtirokchisi sifatida his qilishadi va bu siyosiy faollikni kuchaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, mahalliy kengashlarning qonun ijodkorligidagi ishtiroki mamlakat qonunchilik tizimini demokratlashtirish, ochiqlikni taʼminlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi muhim qadamdir.
Ushbu mexanizm hududiy manfaatlar va umumdavlat strategiyalarini uygʻunlashtirishga, har bir hudud salohiyatidan toʻliq foydalanishga xizmat qiladi.
Baxtiyor Abdullayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi boʻlim boshligʻi