ACDP logo
Kirish
header bg

O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim tayanchi

61
Поделиться:
O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim tayanchi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirib bormoqda.
Bu jarayonda xalq diplomatiyasi faolligi yaqqol kuzatilib, ushbu jarayonda ishbilarmonlar va yoshlar, turizm va sport tashkilotlari, shuningdek, jamoat birlashmalari hamda nodavlat tashkilotlarining ishtiroki tobora kengaymoqda. 
Tashqi siyosatdagi konstruktiv muloqot mamlakatimizdagi siyosiy partiyalarning ham xalqaro maydondagi ishtirokini tobora faollashtirishga, mamlakat tashqi siyosati va “xalq diplomatiyasi”ning muhim tarkibiy qismiga aylanishga undamoqda.
Ayniqsa, partiyalararo hamkorlik, forumlar, xalqaro konferensiyalar va mintaqaviy siyosiy muloqot platformalari orqali davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, tajriba almashish hamda umumiy siyosiy yechimlarni ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, siyosiy partiyalar qonun ijodkorligi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va demokratik institutlarni rivojlantirish borasida o‘zaro tajriba almashmoqda.
Masalan, o‘zida 370 dan ortiq siyosiy partiyalarni birlashtirgan nufuzli xalqaro tashkilot - Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasida (ICAPP) siyosiy partiyalarimiz vakillarining ishtirok etib kelayotganini alohida e’tirof etsa bo‘ladi.
ICAPP Osiyodagi siyosiy partiyalar tomonidan dolzarb mintaqaviy va global muammolarni muhokama qilish uchun muhim platforma hisoblanadi. Ushbu tuzilma Osiyo davlatlaridagi partiyalar bilan cheklanibgina qolmay, Afrika, Yevropa va Lotin Amerikasidagi siyosiy partiyalar vakillarining ishtirok etishiga ham imkon beradi. Bu esa, siyosiy partiyalarimizga xalqaro hamkorlik va partiyalararo aloqalarni yanada rivojlantirishga muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Eng e’tiborli jihati esa 350 dan ortiq siyosiy kuchdan faqatgina 40 ta partiyaning vakillari o‘rin olgan ICAPPning rahbar organi hisoblangan Doimiy komissiya a’zoligiga O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 2 nafar vakillarimizning kiritilishi mamlakatimiz siyosiy partiyalarining mazkur tashkilotdagi o‘rni va roli yil sayin oshib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘z navbatida bu e’tirof ICAPP tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga yuksak darajada baho berilayotganini ham tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, chuqur o‘ylangan va konstruktiv tashqi siyosat natijasida siyosiy partiyalarning Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.
SHHT homiyligida o‘tkaziladigan hamda tashkilotga a’zo va kuzatuvchi maqomga ega 20 dan ortiq davlatlarning 200 dan ziyod partiya va parlament vakillari ishtirok etadigan siyosiy partiyalar forumlarida mamlakatimiz siyosiy partiyalarining ishtirok etishi partiyalararo aloqalarini yanada mustahkamlash, hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish va mamlakatimizdagi siyosiy islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor etishga xizmat qilmoqda.
Ushbu forumlar doirasida O‘zbekiston siyosiy partiyalari delegatsiyasi vakillari Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari vakillari bilan fikr almashib, ular bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda.
Jumladan, birgina parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lgan O‘zLiDeP tomonidan Xitoy Kommunistik partiyasi, Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi, Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot”, Rossiyaning “Yedinaya Rossiya”, Ozarbayjonning “Yangi Ozarbayjon”, Belarusning “Belaya Rus partiyalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Misol sifatida oladigan bo‘lsak, 2026 yilning 3 may kuni O‘zLiDeP va Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida tomonlar partiya qurilishi, parlament faoliyati, kadrlar siyosati va ta’lim sohalarida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olishdi. Partiya faoliyatini raqamlashtirish, institutsional rivojlanish va zamonaviy boshqaruv usullarini keng joriy etish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish borasida vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Belarus Respublikasining Brest shahrida o‘tkazilgan II Xalqaro partiyalararo konferensiya doirasida O‘zLiDeP va “Belaya Rus” partiyasi o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatda siyosiy muloqotni kengaytirish, qonunchilik, tadbirkorlik, investitsiya, yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Keyingi yillarda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqdi. Xususan, parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamlanib, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi aloqalar kengaydi va har tomonlama strategik hamkorlik jadal tus olmoqda.
Misol sifatida oladigan bo‘lsak, 2025 yil Xitoy Xalq Respublikasida “Xitoy – Markaziy Osiyo” siyosiy partiyalari muloqotining II sessiyasi hamda “Markaziy Osiyo ‒ Xitoy” XII hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi va unda mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.

Ushbu tadbirlar doirasida Markaziy Osiyo va Xitoydagi bir qator siyosiy partiyalar rahbarlari bilan muloqot qilinib, tajriba almashildi, kelgusidagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
Mazkur forum Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, partiyalararo va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy yaqinlashuv va doimiy muloqotni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etdi.
Hamkorlik aloqalarining mantiqiy davomi sifatida O‘zLiDeP va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Hujjatda partiyalarning yoshlar va ayollar qanotlari o‘rtasidagi muloqot, partiya nashrlari, mintaqaviy bo‘linmalar va boshqa tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik masalalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi.
Albatta, siyosiy partiyalarning xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirib borishi partiyalarning institutsional salohiyatini oshirish, qonun ijodkorligi va siyosiy boshqaruv sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkonini beradi.
Xorijiy partiyalar bilan muntazam muloqot olib borish orqali siyosiy kuchlar zamonaviy siyosiy texnologiyalar, elektoral jarayonlar, ijtimoiy kommunikatsiya va partiyaviy boshqaruv bo‘yicha o‘zaro amaliy tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa partiyalarning ichki siyosiy raqobat muhitida faolligi va professional darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, partiyalararo hamkorlik mamlakat tashqi siyosati uchun ham qo‘shimcha diplomatik kanal vazifasini bajaradi. Rasmiy davlat diplomatiyasidan farqli ravishda, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘proq ishonchli va erkin muloqot muhitini yaratadi. Natijada, davlatlar o‘rtasidagi siyosiy ishonch mustahkamlanib, strategik hamkorlik uchun qulay muhit shakllanadi.
Ayniqsa, parlamentda ko‘pchilikka ega partiyalarning xalqaro aloqalari mamlakatning tashqi siyosiy pozitsiyalarini xorijiy jamoatchilik va siyosiy doiralarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, xalqaro partiyalararo hamkorlik investitsiyaviy va iqtisodiy munosabatlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Siyosiy ishonch mustahkamlangan davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish osonlashadi. Ayniqsa, Xitoy, Rossiya, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari partiyalari bilan aloqalarning kengayishi O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Muxtasar qilib aytganda, siyosiy partiyalarning xalqaro aloqalarini rivojlantirish hamda ularning xalqaro siyosiy muloqot platformalarida faol ishtirok etishini ta’minlash partiyalar faolligini kuchaytirish va tajriba almashish, eng muhimi xalqaro maydonda muayyan masala doirasida O‘zbekistonning pozitsiyasini tushuntirish va targ‘ib qilishga zamin yaratadi.
Ushbu jarayonlar xalq va parlament diplomatiyasini mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Muhriddin Aslonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi