Demokratik institutlar yangi davr ostonasida

Zamonaviy siyosatshunoslikda har qanday davlatning rivojlanish trayektoriyasini jamiyat hamda davlat o‘rtasidagi muloqotning qay darajada ochiq va konstruktivligi belgilaydi.
Biz bugun 2017-yildan boshlangan islohotlarni faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yig‘indisi emas, balki davlat, fuqarolik institutlari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni qayta qurishga qaratilgan siyosiy jarayon sifatida ko‘ra boshladik. Ilgari asosan davlat boshqaruvi ustuvorligi orqali ifodalangan yondashuvlar bugunga kelib, o‘z o‘rnini bosqichma-bosqichlik asosida «inson qadri», «ochiq muloqot», «hisobdorlik» kabi demokratik tamoyillarga bo‘shatib bermoqda.
Shu ma’noda ham 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat rivojini jadallashtirish, barcha sohalarni liberallashtirishning institutsional dasturiga aylandi, desak xato bo‘lmaydi. 2023-yili qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi esa ushbu tajribani uzoq muddatli va barqaror rivojlanishning mutlaqo yangi modeliga aylantirdi.
Yangi O‘zbekiston islohotlarining eng muhim xususiyati shundaki, ularning markazidan «shaxs – jamiyat – davlat» munosabatining ilg‘or formulasi joy oldi. Avvalgi yondashuvda ko‘proq davlat boshqaruvi ustuvorligi ko‘zga tashlangan bo‘lsa, yangi bosqichda demokratik tamoyillar davlatchilik mezoniga aylandi. Shu ma’noda, bu davrni shunchaki islohotlar emas, balki milliy davlatchilik tizimi falsafasining o‘ziga xos yuksalish davri, deb atasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Umumxalq muhokamalaridan keyin qabul qilingan Konstitutsiyadamizda esa Yangi O‘zbekistonning «ijtimoiy davlat» maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgani demokratik yangilanishlarning mantiqiy va institutsional poydevorini yanada kuchaytirdi.
2023-yili Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi, barcha hududlarda zamonaviy «Inson» markazlarining ishga tushirilishi, mahallalarda esa 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani, aslida, ijtimoiy davlat g‘oyasining amaliy ifodasi edi.
Shu o‘rinda aynan ana shu davrda kambag‘allikni qisqartirishda kutilganidan ham ziyod natijalarga erishilganini aytish kerak: jahon banki bahosiga ko‘ra, milliy kambag‘allik chizig‘i bo‘yicha ko‘rsatkich 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizga, 2024-yil yakunlari bo‘yicha esa 8,9, 2025-yilda esa 5,8 foizgacha pasaydi.
Dastlabki o‘zgarishlar asnosida ochiqlik va so‘z erkinligi siyosati ham tubdan o‘zgardi, ilgari ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ochiq muhokama qilish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatish yoki tanqidiy fikr bildirish amaliyoti cheklangan bo‘lsa, endi konstruktiv muhokamalar, daxldorlik va fuqarolik pozitsiyasi keskin kuchaydi. Shu o‘rinda, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida fuqarolar tomonidan 220 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirilgani, har qanday qonun loyihasining regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilikka havola etilayotgani siyosiy befarqlik o‘rnini mas’uliyat hissi egallaganidan dalolat edi.
E’tibor bering: 2016-yili respublikada 1514 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ular soni 2400 taga yetdi. E’tiborlisi, ushbu OAVlarning 65 foizi nodavlat sektori hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususiy nashrlar, teleradiokanallar va internet resurslarining ko‘payishi foydalanuvchilar sonining 14,7 milliondan 32,7 milliongacha o‘sishiga, axborot kontentlarini yaratuvchilar qatlamining esa sezilarli darajada kengayishiga olib keldi. Bu jarayon axborot maydonida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish bilan birga, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga nisbatan mas’uliyatni ham oshirdi.
Ilgari kambag‘allik, ishsizlik, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklar, shuningdek, atrof-muhit bilan bog‘liq muammolar yetarlicha yoritilmagan bo‘lsa, bugun ushbu mavzular jamoatchilik e’tiboridagi asosiy nuqtalarga aylandi.
2023-yili umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga «Fuqarolik jamiyati institutlari» deb nomlangan «XIII bob» kiritilgani esa chindan ham tarixiy voqelik bo‘ldi. Ushbu bobning 69–75-moddalari fuqarolik jamiyati institutlarining huquqlari, faoliyati va kafolatlarini aniq belgilab berdi.
Bugunga kelib, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga solishga oid 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda. 2021-yili esa Prezident Farmoni bilan qabul qilingan «2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, rivojlanishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgilab berdi. Bundan tashqari «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish vazifasi asosiy maqsad etib qo‘yildi.
Qayd etish joizki, ayni paytda mamlakatimizda 9 627 ta nodavlat notijorat tashkiloti, 9008 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 2 490 ta ommaviy axborot vositasi va 3 mingga yaqin turli jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda.
Agar 2021-yili 30 ta NNT davlat dasturlarida qatnashgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ular soni 80 taga yetdi. NNTlarning ishtirok doirasi esa 350 ta band ijrosigacha kengaydi.
O‘z navbatida fuqarolik jamiyati isntitutlarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va tashkiliy mexanizmlari ham mustahkamlanmoqda. 2017–2025-yillarda 40 ta NNTga davlat subsidiyasi doirasida ajratilgan 3 194,6 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ davlat dasturlarining maqsadi va mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda ma’rifiy ishlarni yuksaltirish ishlariga yo‘naltirildi. Davlat grantlari doirasida 3067 ta loyihaga 163,2 mlrd so‘m ajratilib, 25 mingdan ortiq fuqaroga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatildi, 100 mingdan ziyod fuqaroning kasbiy bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
Maqola matni bilan to'liq tanishish uchun havola
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

