“Oʻzbekiston–YEI hamkorligini mustahkamlashda fuqarolik jamiyatining oʻrni" mavzusida Oʻzbekiston–YEI davra suhbati

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi bir qator NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Bryussel shahrida boʻlib turibdi. Tashrif tadbirlari doirasida 10-aprel kuni Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchixonasida Yevropadagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan samarali muloqot boʻlib oʻtdi.
Davra suhbati davomida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo, xususan Oʻzbekiston oʻrtasida oʻzaro aloqalarning yanada kuchayib borayotgani, bu munosabatlar har ikki mintaqa uchun samarali ekanligi qayd etildi. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi oʻziga xos oʻrni, mintaqaviy birlikni shakllantirishdagi saʼy-harakatlari eʼtirof etildi. Shu bilan birgalikda, mamlakatdagi fuqarolik jamiyati institutlari, qolaversa, tahlil markazlari bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatish, birgalikda ishlash yuzasidan qiziqish bildirildi.
Oʻz navbatida, mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari ham Yevropalik hamkasblariga minnatdorlik bildirib, oʻzaro manfaatli va teng huquqli munosabatlarni qoʻllab-quvvatlashi, hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi. Qayd etish lozimki, bu kabi samimiy muloqotlar oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini aniq belgilash, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yanada rivojlantirish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.