ACDP logo
Kirish
header bg

Muhim siyosiy jarayonlar qizgʻin pallaga kirmoqda

227
Поделиться:
Muhim siyosiy jarayonlar qizgʻin pallaga kirmoqda

Mamlakatimizda 2024-yil 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan navbatdagi saylovlar siyosiy partiyalar faoliyati natijalarini sarhisob qilish imkonini beradi.

Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlar joriy yilgi saylovlarni oʻtkazishda shaffoflikni taʼminlab beradi. Haqiqatan, demokratiyaning asosiy prinsiplaridan biri sifatida koʻriladigan ochiq va oshkora saylovlar, unda siyosiy partiyalar va saylovchilarning faol boʻlishi, mamlakat istiqboli uchun muhim omil hisoblanadi. 

Oʻzbekistonda Saylov qonunchiligiga kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlar siyosiy partiyalar oʻrtasida sogʻlom raqobatni kuchaytirishga, saylovlarni demokratik, ochiq va oshkora oʻtkazishga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, saylovchilarning ham qiziqishini oshirishi tabiiy. Adolatli saylov tizimi xalqning oʻz vakolatlarini amalga oshirish va davlat boshqaruviga taʼsir oʻtkazish uchun muhim vosita hisoblanadi. 

Joriy yilgi saylovlar mamlakat tarixida ilk bor aralash saylov tizimida oʻtkazilmoqda. Qonunchilik palatasida mavjud 150 ta deputatlik oʻrnining 75 tasi majoritar saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Yaʼni saylovchilar mavjud 5 ta siyosiy partiya tomonidan ilgari surilgan (ovoz berish byulletenida ism-sharifi mavjud boʻlgan) aniq nomzodga ovoz beradi. Qonunchilik palatasining qolgan 75 ta deputatlik oʻrni proporsional saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Soddaroq qilib aytganda, proporsional saylov tizimida saylovchilar aniq nomzodga emas, balki siyosiy partiyaga ovoz beradi. 

Hozirda 30 dan ortiq mamlakatlarda aralash saylov tizimi qoʻllaniladi. Masalan, Germaniyada aralash saylov tizimidan Federal parlamentning quyi palatasi boʻlgan Bundestagni shakllantirishda qoʻllaniladi. Bundestagning yarim deputati butun mamlakat hududi boʻylab bir mandatli majoritar saylov tizimi orqali saylanadi, qolgan yarmi esa koʻp mandatli saylov okrugi orqali siyosiy partiyalar bergan roʻyxat asosida proporsional tizim boʻyicha 5 foizlik belgilangan baryer boʻyicha shakllantiriladi. Italiyada esa parlament ikkala palatasining 3/4 qismi majoritar saylov tizimi orqali bir mandatli saylov okrugi boʻyicha nisbiy koʻpchilikka tayangan holda, qolgan 1/4 qismi esa proporsional saylov tizimi asosida, partiyalar roʻyxati boʻyicha shakllantiriladi. 

Proporsional saylov tizimi asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida shakllantiriladigan 75 ta deputatlar oʻrni haqidagi maʼlumotlar saylovchilar qiziqishini uygʻotmoqda, qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. 

Qayd etish lozim, aynan mana shu jihatlar, kiritilayotgan yangiliklar, nafaqat mahalliy ekspertlar va saylovchilar, balki xorijiy kuzatuvchilarning ham diqqat markazida boʻladi. 

Bu jarayonlarda saylovlarning ochiq va oshkora oʻtkazilishini taʼminlash muhim hisoblanadi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 3-moddasida saylovlar ochiq va oshkora oʻtkazilishi alohida qayd etilgan. Shuningdek, 8-moddada Saylovga tayyorgarlik jarayonlari va uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshirishi belgilab qoʻyilgan. 

Yuqoridagilarga muvofiq, mamlakatda faoliyat yuritayotgan Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tadbirlarda shuningdek, saylov oʻtkaziladigan kun ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega. 

Lekin bu vakolat suiisteʼmol qilinmasligi lozim. Kamchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda joyida aytilishi, tuzatishlar kiritilishi mumkin, bu noxolis tanqidlarga asos boʻlmasligi kerak. 

Ochiq saylovlarda har bir saylovchi oʻz fikrini erkin bildirishi, ovozini erkin va xohishiga koʻra berishi saylov jarayoniga boʻlgan ishonchni oshirishga yordam beradi. 

Oshkoralik saylov kampaniyasi barcha bosqichlarining qonun doirasida oʻtkazilishini taʼminlaydi, har bir inson saylov jarayoni va natijalarini bevosita kuzatib borishi, tegishli huquqbuzarliklarni oldini olish va saylov jarayonining adolatli va shaffof boʻlishini kafolatlaydi. 

Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi hamda saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlar joriy yilgi saylov jarayonining adolatli va shaffof boʻlishiga, ochiq va oshkora oʻtkazilishiga xizmat qiladi. 

O.Zaripov, 

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi masʼul xodimi