Delegatsiya aʼzolari kun davomida Yevropa fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan muhim uchrashuvlarni davom ettirdi

Navbatdagi shunday uchrashuvlardan biri “Diplomatic world” bosh ijrochi direktori Barbara Ditrix hamda “Diplomatic world instiute” aql markazining milliy brending va jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha masʼuli Kaya Mvita bilan tashkil qilindi.
“Diplomatic World”
— xalqaro diplomatiya, siyosat, iqtisodiyot va global hamkorlik masalalariga ixtisoslashgan nashr. U asosan Yevropa Ittifoqi, BMT, NATO, va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi diplomatik faoliyatni yoritishga qaratilgan.
“Diplomatic World Institute” — Bryusselda joylashgan mustaqil notijorat tashkilot boʻlib, u “Diplomatic World” jurnali bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Institutning asosiy maqsadi jamiyat va davlat idoralari oʻrtasida barqaror hamkorlik va forumlar tashkil etish orqali global muammolarni muhokama qilish va ularga yechim topishga hissa qoʻshishdan iborat.
Uchrashuvda Barbara Ditrix xonim Oʻzbekistonda bir necha marta boʻlgani, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan yaxshi xabardorligini bildirib, oʻzbekistonlik siyosatchilarning chiqishlari ham faol yoritilishi, xususan Sardor Umurzoqov va Aziz Abduhakimovning maqolalari chop etilganini maʼlum qildi. Shuningdek, Oʻzbekistonning OAV vakillari uchun taʼsis etilgan “Oltin qalam” milliy mukofotiga ham sazovor boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muhokamalar davomida jurnalda Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifiga doir alohida maqola nashr qilish, “Sabr” ijtimoiy rivojlanish markazining taklifi asosida kelgusi yilda Bryusselda faol tadbirkor ayollar ishtirokida forum hamda uning doirasida sanʼat koʻrgazmasini tashkillashtirish, shuningdek milliy brendingni rivojlantirish va boshqa qator yoʻnalishlarda “Diplomatic World Institute” aql markazi bilan hamkorlik qilish masalalarida fikrlar almashildi.
Bundan tashqari, “Oltin qalam” tanlovining tegishli nominatsiyasida “Diplomatic World” nashri jurnalistlarining ariza topshirish masalalari ham gaplashildi. Umuman olganda, uchrashuv samimiy, oʻzaro hurmat va doʻstona ruhda konstruktiv tarzda boʻlib oʻtdi.