ACDP logo
Kirish
header bg

Yangi mahalla modeli: vakolat, mas’uliyat va natija

7
Поделиться:
Yangi mahalla modeli: vakolat, mas’uliyat va natija

Mahalla institutini isloh qilish bo‘yicha keyingi yillarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar davlat boshqaruvini aholiga yanada yaqinlashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirish va inson manfaatlarini ta’minlashning mutlaqo yangi bosqichini boshlab bermoqda. Bugungi kunda mahalla nafaqat ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi an’anaviy institut, balki iqtisodiy taraqqiyot, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoya, jamoat xavfsizligi va davlat xizmatlarini aholiga tezkor yetkazib berishning eng quyi va eng ta’sirchan bo‘g‘iniga aylanmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar mazkur o‘zgarishlarning amaliy mazmunini belgilab berdi. Endi “mahalla yettiligi” faoliyati vakolat, resurs va natija tamoyili asosida baholanadi.  
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun mahallada mavjud muammolarni hal qilish uchun zarur resurs va vakolatlar shakllantirilgan. Endi asosiy masala – mas’uliyat, tashabbuskorlik va natija uchun ishlash madaniyatini kuchaytirishdir. Bu yondashuv mahalla tizimidagi eng muhim o‘zgarishni ifoda etadi: davlat endi faqat vazifa yuklamaydi, balki uni bajarish uchun moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlarni ham yaratmoqda.
Joriy yilda infratuzilmani yaxshilash va aholi hamda tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgani buning yaqqol misolidir. Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum bo‘yicha vakolatlari kengaytirilishi natijasida hududlarda qoladigan qo‘shimcha daromadlar ham sezilarli oshdi: tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘mdan, mahalla budjetlarida esa 150–200 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ shakllandi. Bu raqamlar mahallaga berilgan vakolatlar endi real iqtisodiy imkoniyatlar bilan ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.
Biroq yig‘ilishda juda muhim bir haqiqat ochiq aytildi: muammo endi resurs yetishmasligida emas, balki mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish, tashabbus ko‘rsatish va natija uchun javob berishda. Shu bois mahalla raisiga nisbatan yondashuv ham o‘zgarmoqda. U endi faqat aholi murojaatlarini qabul qiluvchi emas, balki o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi, iqtisodiy imkoniyatlarni ko‘ra oladigan, bo‘sh yerlar va obyektlarni ishga soladigan, ish o‘rinlari yaratadigan rahbar bo‘lishi talab etilmoqda.
Mahalladagi muammolarni hal qilishdagi sustkashliklar ham aniq raqamlar bilan ko‘rsatildi. Xususan, shu yilning o‘zida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 tadan ortiq murojaat kelib tushgan. “Tashabbusli budjet” doirasida 7,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsada, 2 136 ta mahallada birorta ham loyiha g‘olib chiqmagan. Bu holat mahalladagi tashabbuskorlik va jamoaviy mas’uliyatni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli yil boshidan beri ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olingan, yana 700 nafar rahbarga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan.
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi olti oyda banklar tomonidan kichik loyihalar uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratildi. Bu mablag‘lar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming nafar inson ish bilan ta’minlandi. Ammo ayrim hududlarda imkoniyatlardan to‘liq  foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Masalan, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand inson doimiy ishga joylashtirilmagan.
Bu yerda yangi yondashuvning mohiyati namoyon bo‘ladi: endi har bir oila bilan individual ishlash, uning imkoniyati, ehtiyoji va salohiyatidan kelib chiqib aniq yechim taklif qilish talab etilmoqda. Yangi Quva mahallasi misolida ko‘rsatilgan tizim shuni anglatadiki, mahalla raisi kim tadbirkor bo‘lishni istaydi, kimga kredit yoki uskuna kerak, kimning tomorqasidan samarali foydalanish mumkinligini aniqlab, bankka aniq vazifa qo‘yadigan darajaga chiqishi kerak.
Mahalla bankiri instituti ham yangi mazmun kasb etmoqda. Endi bank xodimi faqat kredit ajratuvchi emas, balki hudud iqtisodiy o‘sishini ta’minlovchi shaxs bo‘lishi kerak. Bu borada Angor tumani Yangiobod mahallasi tajribasi alohida ahamiyatga ega: 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obyekti ishga tushirilgan va 1 225 nafar inson ishli va daromadli bo‘lgan. Arnasoy tumani Baxtli mahallasida esa 20 ta xonadonga 50 million so‘mdan kredit ajratilib, mehmon uylari tashkil etilgan va har bir xonadon bir mavsumda 100 million so‘mgacha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Moliyaviy mustaqil mahalla modelini shakllantirish ham ushbu islohotlarning muhim qismi hisoblanadi. Mahallada qoladigan yer va mol-mulk solig‘i ulushining 10 foizdan 15 foizga oshirilishi, sanitariya qoidalarini buzish va noqonuniy qurilish uchun jarimalarning 10 foizini mahallaga yo‘naltirish, 5 ming kvadrat metrgacha bo‘sh binolarni sotuvga chiqarish vakolatining berilishi mahallaning o‘z daromad bazasini shakllantirish imkoniyatini kengaytiradi. Bu choralar natijasida mahallalar budjeti tushumi joriy yilda 1,6 trillion so‘mga, kelgusi yildan esa 2 trillion so‘mga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Hozir “mahalla yettiligi” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich mahallaga tushirish vazifasi qo‘yildi. Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasi tajribasida 8 ta olis mahalla aholisi uchun bir joyda 980 ta davlat xizmati ko‘rsatilayotgani bu yo‘nalishdagi yangi modelning samaradorligini ko‘rsatadi. Ijtimoiy himoya tizimida ham muhim o‘zgarishlar belgilandi. Ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy reyestrga kiritishdagi asossiz rad etish holatlari tanqid qilindi. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 ming arizaning barchasi asossiz rad etilgani aniqlangan. Natijada Prezidentga ijtimoiy reyestr masalasidagi murojaatlar yil boshidan 30 mingdan 46 mingga oshgan. Bu holat ijtimoiy yordam tizimida inson omili, adolat va shaffoflik masalasi qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi. Endi nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatlarni mahallaga tushirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, 250 ta mahallada demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun parvarish xizmatlari, 75 ta mahallada “Faol hayot” dasturi, bolalarni himoya qilish markazlari tashkil etilishi belgilandi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham mahalla markaziy bo‘g‘inga aylanmoqda. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta ham jinoyat sodir etilmagani profilaktika tizimi samara berayotganini ko‘rsatadi. Bunga videokameralar, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar, oilalar bilan psixologik ishlash va muammolarni ilmiy asosda hal qilish orqali erishilgan. Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga berilgan yonkamera va planshetlar integratsiyasi natijasida ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 tagacha kamaygan. Umuman olganda, mahalla tizimida boshlangan islohotlar mamlakatda davlat boshqaruvini inson manfaatlari asosida tashkil etishning muhim bosqichini boshlab bermoqda. Vakolatlarni kengaytirish bilan bir qatorda, natija uchun shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish, mahallalarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash va aholi bilan manzilli ishlash yangi tizimning asosiy ustunlariga aylanmoqda. Shu bilan birga, islohotlar samaradorligi mahalliy rahbarlarning tashabbuskorligi, raqamli boshqaruv vositalaridan samarali foydalanish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik va jamoatchilik nazorati darajasiga bevosita bog‘liq. Eng muhim mezon esa raqamlar emas, balki har bir mahallada aholi turmush darajasi, ish bilan bandlik, ijtimoiy adolat va fuqarolarning ertangi kunga ishonchining ortishi bo‘ladi.


Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi deputati