ACDP logo
Kirish
header bg

Millatlararo hamjihatlik – barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori

16
Поделиться:
Millatlararo hamjihatlik – barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori

Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim ustunlaridan biri – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashdir. Mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlarini asrab-avaylash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Zero, tinchlik va hamjihatlik qaror topgan jamiyatdagina barqaror taraqqiyot, ijtimoiy farovonlik va yuksak bunyodkorlikka erishish mumkin.
Mamlakatimizda qaror topgan tinchlik va barqarorlik muhiti, eng avvalo, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosati samarasidir.
Yurtimizda hozir 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oiladek, ahil va inoq hayot kechirmoqda. Bu nafaqat Konstitutsiyamizda mustahkamlangan tenglik tamoyilining, balki inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijasidir.
Milliy madaniyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar ham ana shu siyosatning muhim yo‘nalishidir.
Bugun respublika bo‘yicha 157 ta milliy madaniy markaz turli millatlarning tili, madaniyati, urf-odatlari va an’analarini saqlash hamda kelajak avlodga yetkazish yo‘lida samarali faoliyat yuritmoqda.
Ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hududlarda “Do‘stlik uylari” tashkil etilgani va davlat tomonidan muntazam moliyaviy ko‘mak berilayotgani ushbu sohaga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
Bu imkoniyatlar ta’lim va axborot sohasida ham o‘z aksini topgan. Mamlakatimizda 7 ta tilda ta’lim yo‘lga qo‘yilgan, 12 ta tilda tele va radio dasturlari efirga uzatilmoqda, 14 ta tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Bu esa har bir millat vakiliga o‘z ona tilida ta’lim olish, milliy o‘zligini saqlash va axborotdan erkin foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratilganini yaqqol ko‘rsatadi.
Ana shu ezgu muhit Surxondaryo viloyati misolida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Uch milliondan ortiq aholi istiqomat qilayotgan vohada o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar, ruslar, qozoqlar, qirg‘izlar, ukrainlar, armanlar, koreyslar, lo‘li va boshqa millat vakillari ahil-inoq yashab, umumiy Vatan ravnaqi yo‘lida yelkama-yelka mehnat qilmoqda. Turli millat vakillarining yonma-yon yashashi, birga mehnat qilishi, farzandlarini bir maktabda o‘qitishi va bir-birining quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lishi millatlararo hamjihatlikning eng yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, har yili 30 iyul mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan joriy yilning 23-30 iyul kunlari Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan millatlararo totuvlik siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekiston – millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglik diyori”, “O‘zbekiston – yagona Vatan”, “Do‘stlik festivali” va “Do‘stlik ohanglari” kabi shiorlar ostida tashkil etilgan tadbirlar turli millat vakillarini bir sahna, bir maqsad va bir g‘oya atrofida birlashtirdi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar, xalq amaliy san’ati namunalari, milliy liboslar va urf-odatlar namoyishi orqali yurtimizning boy madaniy merosi targ‘ib etildi. Bu esa xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Ayniqsa, viloyatda faoliyat yuritayotgan rus, tojik va turkman milliy madaniy markazlarining faol ishtiroki tadbirlarning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi. Turli millat vakillarining bir sahnada o‘z madaniyati va san’atini namoyon qilishi O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar mustahkam huquqiy va ma’naviy asoslarga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyatda millatlararo totuvlik va fuqarolik birdamligini mustahkamlash, yosh avlodni bag‘rikenglik, vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Chunki millatlararo totuvlik bayramlardagina emas, balki kundalik hayotdagi hamjihatlik, hamkorlik va o‘zaro hurmat orqali mustahkamlanadi.
Millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasidagi ishlar zamonaviy axborot maydonida ham izchil davom ettirilmoqda. Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari o‘rtasida “O‘zbekiston – yagona Vatan!” shiori ostida 11 ta yo‘nalish bo‘yicha “Eng yaxshi videorolik” respublika tanlovining tashkil etilgani ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Tanlov turli millat vakillarining umumiy Vatanga sadoqati, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Bugun Surxondaryo viloyatida shakllangan sog‘lom ijtimoiy muhit barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda. Turli millat vakillarining ta’lim, ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik va jamiyat hayotining barcha sohalarida bir maqsad yo‘lida mehnat qilayotgani, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu g‘oyaning hayotga chuqur singib borayotganidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglik shunchaki ijtimoiy qadriyat emas. U Yangi O‘zbekistonning tinchligi, barqaror taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining mustahkam poydevoridir. Ana shu poydevor qanchalik mustahkam bo‘lsa, mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz birdamligi va kelajagimiz ham shunchalik yorug‘ va farovon bo‘ladi.

Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari