WUF13: Bokuda global shaharlar kelajagi va fuqarolik jamiyatining roli muhokama qilinmoqda

2026 yil 19 may kuni Boku shahrida BMTning WUF13 — Jahon shaharsozlik forumi doirasida “Global hamkorlik va qaror qabul qilish jarayonlarida NNTlar ishtiroki” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon Respublikasi NNTlarga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda BMTning UN-Habitat dasturi, UNOSSC, UNITAR bo‘limlari hamda Malayziya, Lotin Amerikasi va boshqa davlatlardan xalqaro ekspertlar, shaharsozlik va jamoatchilik boshqaruvi sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Forumda UN-Habitat ijrochi direktori Anaklaudia Rossbax, Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi Hikmat Hojiyev, UNOSSC direktori Dima Al-Xatib, Malayziyaning shaharsozlik bo‘yicha xalqaro eksperti Maymuna Muhammad Sharif va UNITAR maslahat kengashi raisi Luis Gallegos kabi nufuzli ishtirokchilar ma’ruza qildi.
Muhokamalarda barqaror va inklyuziv shaharlar, iqlim o‘zgarishi, uy-joy masalasi, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish hamda global janub davlatlari hamkorligi kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa WUF13 doirasida shahar rivojlanishi endi faqat arxitektura yoki infratuzilma emas, balki ijtimoiy adolat va inson qadri bilan bog‘liq masala sifatida ko‘rilayotganini anglatadi.
Tahlilchilar fikricha, Boku forumi xalqaro munosabatlarda “shahar diplomatiyasi” va “fuqarolik diplomatiyasi” tushunchalarining ahamiyati keskin ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, shaharlarni boshqarishda NNTlar, aqliy markazlar va mahalliy jamoalar ishtirokining kuchayishi global urban siyosatning yangi standartiga aylanmoqda. So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar va Markaziy Osiyoda gumanitar va jamoatchilik muloqotining kengayishi ham aynan shu tendensiyaning bir qismi sifatida baholanmoqda.
Mazkur xalqaro forumda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Jamshed Jo‘rayevning ishtirok etishi O‘zbekiston ekspert hamjamiyatining global intellektual maydondagi faolligi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, WUF tarixida ilk bor o‘tkazilgan va 116 mamlakat nodavlat tashkilotlarini birlashtirgan “WUF13 NGO Forum”da qariyb 800 nafar mahalliy va xorijiy NNT vakillarining qatnashgani ushbu platformaning xalqaro nufuzini yanada oshirdi. Bu esa O‘zbekistonda ochiq muloqot, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash va barqaror shaharlar rivojlanishiga qaratilgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini, mamlakatimiz ekspertlarining global qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari kengayib borayotganini anglatadi.
Ekspertlar fikricha, WUF13 doirasida tashkil etilgan NNT forumi shaharlar kelajagini davlat idoralari bilan bir qatorda jamoatchilik, aqliy markazlar va mahalliy hamjamiyatlar ishtirokida belgilash zarurligini yana bir bor namoyon etdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashaydi, bu esa urbanizatsiya, iqlim o‘zgarishi, uy-joy va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etishda yangi yondashuvlarni talab qiladi. Shu nuqtayi nazardan, Boku forumi O‘zbekiston uchun ham xalqaro tajribalarni o‘rganish, fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirish va inson manfaatlariga asoslangan zamonaviy shahar boshqaruvi modellarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

