ACDP logo
Kirish
header bg

O‘zbekiston tajribasi xalqaro muhokamalarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda

13
Поделиться:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro muhokamalarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda

Boku shahrida BMTning nufuzli xalqaro platformasi — World Urban Forum 13 (WUF13) doirasida Urban Expo ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bugun WUF tarixidagi eng yirik Urban Expo maydoni sifatida baholanayotgan mazkur ko‘rgazma 66 davlatdan 217 dan ortiq tashkilot, davlat idoralari, NNTlar, analitik markazlar va xususiy sektor vakillarini birlashtirdi.

Mazkur xalqaro maydonda O‘zbekiston NNT delegatsiyasi vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Forum doirasida O‘zbekiston paviloni xalqaro ishtirokchilar, ekspertlar va tashrif buyuruvchilar eng ko‘p qiziqish bildirgan maydonlardan biriga aylandi. Pavilonda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shaharsozlik islohotlari, “aqlli shahar” elementlari, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish mexanizmlari, madaniy merosni saqlash va barqaror urbanizatsiya yo‘nalishidagi tashabbuslar taqdim etilmoqda. Ayniqsa, Yangi Toshkent konsepsiyasiga oid yirik loyiha maketi xalqaro auditoriya e’tiborini tortmoqda.

Xalqaro ekspertlar fikricha, O‘zbekistonning WUF13'dagi ishtiroki mamlakatning so‘nggi yillarda urbanizatsiya, jamoatchilik muloqoti va fuqarolik jamiyati sohalarida amalga oshirayotgan islohotlari xalqaro miqyosda tobora ko‘proq e’tirof etilayotganini ko‘rsatmoqda. Bugun shaharlar barqarorligi faqat infratuzilma bilan emas, balki aholi ishtirokini ta’minlash, ochiq muloqot va ijtimoiy ishonch muhitini shakllantirish bilan ham baholanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston tajribasi xalqaro muhokamalarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda.

WUF13 nafaqat shaharsozlik forumi, balki global muloqot va fuqarolik diplomatiyasi platformasi sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda. Forum doirasida O‘zbekiston NNT va tahliliy markaz vakillari turli mamlakatlar ekspertlari, xalqaro tashkilotlar va ularning tarmoqlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, kelgusida jamoatchilik diplomatiyasi, barqaror shaharlar, mahalliy boshqaruv va fuqarolik ishtiroki sohalarida yangi hamkorlik aloqalarini muhokama qilmoqda.