Toshkent shahrida “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

2026 yil 5-may kuni Toshkent shahrida “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalq diplomatiyasi mexanizmlarini kuchaytirish hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan ekspert va mutaxassislar, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalari, birodar shaharlar ma’muriyati hamda xalqaro tashkilotlar, shuningdek davlat va jamoat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari hamda OAV ishtirok etdi.
Anjumanda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori o‘rinbosari A.B.Yusupov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
A.Yusupov o‘z ma’ruzasida quyidagi muhim takliflarni ilgari surdi.
- birodar shaharlar hamkorligida fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatidan to‘laqonli foydalanish.
- Birodar shaharlar o‘rtasida ta’lim va yoshlar diplomatiyasini rivojlantirish.
- birodarlar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va tizimlashtirishga qaratilgan ikki tomonlama manfaatli strategik hamkorlik modellarini ishlab chiqish.
- birodarlar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini baholab borish.
Shuningdek, O‘zbekiston shaharlarining xalqaro brendini shakllantirish, birodarlikning ramzi bo‘lgan jihatlarni yaratish (masalan, yapon bog‘i, Ashxobod parki, Do‘stlik xiyobonlari, xorijiy taniqli shaxslar sharafiga o‘rnatilgan haykal va byustlar kabi), xorijiy shaharlarda axborot markazlarini tashkil etish, investitsiya va turizm salohiyatini namoyish etish orqali shaharlarning xalqaro imijini mustahkamlash masalalari alohida qayd etildi.
Umuman olganda, ta’kidlandiki, fuqarolik jamiyati institutlari birodar shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda rasmiy davlat diplomatiyasini to‘ldiradi.

