ACDP logo
Kirish
header bg

Taraqqiyot kun tartibida fuqarolik jamiyatining o‘rni

5
Поделиться:
Taraqqiyot kun tartibida fuqarolik jamiyatining o‘rni

Taraqqiyot kun tartibida fuqarolik jamiyatining o‘rni

Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi o‘tkazilayotgani O‘zbekiston uchun nafaqat yirik xalqaro moliyaviy forum, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning inson manfaati, ochiqlik va ijtimoiy barqarorlikka qaratilganini namoyon etuvchi muhim siyosiy maydon bo‘ldi.

Anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, forumning ochilish marosimida nutq so‘zladi. Davlat rahbari Samarqandni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lagan tarixiy chorraha sifatida ta’riflab, Yangi O‘zbekiston global va mintaqaviy masalalar muhokama qilinadigan ochiq muloqot maydoniga aylanayotganini ta’kidladi.

Prezident nutqining muhim jihati shundaki, iqtisodiy o‘sish faqat raqamlar yoki yirik investitsiya loyihalari bilan emas, avvalo inson hayoti sifati, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, aholi daromadi va ijtimoiy barqarorlik bilan bog‘liq holda talqin qilindi.

Shu nuqtayi nazardan, Samarqand forumi fuqarolik jamiyati institutlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish, inklyuziv ta’lim, ekologik barqarorlik, sun’iy intellektni aholi ehtiyojlariga xizmat qildirish, “yashil” energetika va turizmni rivojlantirish kabi tashabbuslar bevosita jamoatchilik ishtiroki, ijtimoiy nazorat va fuqarolik institutlari bilan hamkorlikni talab qiladi.

OTB bilan yangi hamkorlik dasturida yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligi, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv ta’lim, inson kapitalini rivojlantirish, raqamli innovatsiyalar va maxsus iqtisodiy zonalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlar belgilangani ham e’tiborga molik. Bu yo‘nalishlar fuqarolik jamiyati institutlari uchun joylardagi ehtiyojlarni o‘rganish, loyihalarning ijtimoiy ta’sirini baholash va aholi manfaatlarini ilgari surish imkonini kengaytiradi.

Yillik yig‘ilish doirasida fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun alohida dasturlar ham tashkil etilmoqda. Ularda yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik tashabbuslarini moliyalashtirish, ijtimoiy-ekologik standartlar, hisobdorlik va mustaqil baholash masalalari muhokama qilinmoqda.

Bu holat muhim tendensiyani ko‘rsatadi: xalqaro taraqqiyot loyihalarida fuqarolik jamiyati institutlari endi faqat kuzatuvchi emas, balki aholi manfaatlarini ifoda etuvchi, jamoatchilik nazoratini ta’minlovchi va loyihalarning real ta’sirini baholovchi ishtirokchi sifatida qaralmoqda.

Davlat rahbari ilgari surgan raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, ekologiya, suv xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” kabi tashabbuslar ham FJI oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi. Bu sohalarda NNTlar, ekspertlik institutlari va mahalliy jamoalarning faol ishtiroki loyihalarning joylarda amaliy natija berishini ta’minlaydi.

Shu ma’noda, Samarqanddagi OTB 59-yillik yig‘ilishi faqat iqtisodiy yoki moliyaviy tadbir emas. Bu inson manfaati, ochiq boshqaruv, ijtimoiy adolat va fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladigan yangi hamkorlik maydonidir.