Navoiyda “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasi!

Bolajonlarning sog‘ligi - millat kelajagi. Shu ezgu maqsad yo‘lida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan Navoiy viloyatining olis hududlarida yashovchi ehtiyojmand, kam ta’minlangan va og‘ir ijtimoiy sharoitdagi oilalar farzandlari uchun “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasi tashkil etildi.
Joriy yil 27 aprelidan 1 mayiga qadar o‘tkazilgan aksiya doirasida bolajonlarga tibbiyotning oftalmologiya, otolaringologiya, kardioxirurgiya, nevrologiya, urologiya, anesteziologiya, kardiorevmatologiya hamda bolalar xirurgiyasi yo‘nalishi bo‘yicha malakali yordam ko‘rsatildi.
Aksiyada erishilgan natijalar salmoqli bo‘lib, 500 nafarga yaqin bemor bola chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 30 ga yaqin yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.
Ayniqsa, 29 aprel kuni viloyat tibbiyoti tarixida muhim voqea yuz berdi: ilk bor 4 oylik chaqaloqda yurakning tug‘ma nuqsoni – “Batalov yo‘li” ochiqligi bo‘yicha murakkab operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
“Ezgulik manzili” faqatgina davolash emas, balki tajriba almashish maydoniga ham aylandi. Poytaxtlik shifokorlar tomonidan o‘tkazilayotgan mahorat darslari mahalliy mutaxassislar malakasini oshirishga xizmat qilmoqda.

