“Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusidagi Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi start oldi

Tadbirni Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori Azamat Pardayev ochib berdi.
Forum 16 ta davlat aql markazlaridan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, mamlakatimiz jamoat tuzilmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va OAV vakillaridan iborat 200 nafarga yaqin mutaxassisni bir maydonda jamlamoqda.
Azamat Pardayev, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori:
Bugungi Forum BMTning 15 sentabr – Xalqaro demokratiya kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Ushbu sana demokratiyaning mazmun-mohiyati, eng avvalo, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishi, ochiq muloqot hamda jamoatchilik fikrini inobatga olishda namoyon bo‘lishini yana bir bor eslatadi.
Ayniqsa, bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyoda demokratiyaning barqarorligi davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchga, fuqarolarning qarorlar qabul qilishdagi real ishtirokiga hamda kuchli fuqarolik jamiyati institutlarining mavjudligiga bog‘liq bo‘lib bormoqda.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlariga faqat muayyan ijtimoiy vazifalarni bajaruvchi tuzilmalar sifatida emas, balki islohotlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda davlatning teng huquqli hamkori sifatida yondashish tamoyili kuchaydi.
Shunga ko‘ra, Forumning maqsadi – rivojlangan mamlakatlarning fuqarolik jamiyati sohasidagi ilg‘or tajribalarini mintaqaviy qadriyatlarga mos ravishda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘rtasida doimiy muloqot va hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishdan iborat. Kuchli davlat kuchli fuqarolik jamiyatidan manfaatdor. Kuchli fuqarolik jamiyati esa xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Sabine Mahl, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili:
So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda davlat institutlarini mustahkamlash, ijtimoiy himoyani kengaytirish, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va fuqarolarning taraqqiyot jarayonlaridagi ishtirokini oshirishga qaratilgan mazmunli islohotlar amalga oshirildi. Bepul huquqiy yordamni kengaytirish, xotin-qizlar va bolalar himoyasini kuchaytirish, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mexanizmlar bilan hamkorlikni rivojlantirish kabi tashabbuslar islohotlar markaziga insonni qo‘yishga intilish kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Barqaror taraqqiyot insonlarning o‘z hayotiga ta’sir qiluvchi qarorlarda ishtirok eta olishi bilan bevosita bog‘liq. Kuchli institutlar va fuqarolarning faol ishtiroki bir-birini to‘ldiradi. Eng samarali siyosat ham faqat ekspertlar bilimiga emas, balki fuqarolar, mahallalar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, OAV va xususiy sektorning tajriba hamda fikr-mulohazalariga tayangan holda shakllanadi.
Ochiq fuqarolik jamiyati mavhum tushuncha emas. Bu fuqarolar birlashishi, ishtirok etishi, o‘z g‘oyalarini ilgari surishi, yechimlarni qo‘llab-quvvatlashi va davlat institutlari bilan konstruktiv muloqot qilishi mumkin bo‘lgan muhitdir. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlari huquqiy yordam, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar inklyuziyasi va mahalliy taraqqiyot masalalarida muhim hissa qo‘shmoqda.
Alisher Agzamxodjayev, Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi, Parlament komissiyasi raisi:
Bugungi murakkab sharoitda fuqarolik jamiyati institutlari demokratik taraqqiyotning shunchaki ishtirokchisi emas. Ular aholi ehtiyojlarini aniqlaydi, bu ehtiyojlarni qaror qabul qiluvchilarga yetkazadi va yechimlarni amalga oshirishda davlatning yaqin hamkori bo‘lib xizmat qiladi.
Markaziy Osiyoning tinchligi va farovonligi faqat davlatlararo kelishuvlarga emas, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar, fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi, ekspertlar muloqoti va qo‘shma tashabbuslarga ham bog‘liq. Shu bois milliy tajribalarni mintaqaviy natijaga aylantirish muhim.
Forum muhokamalari nazariy fikrlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi samarali muloqot, ijtimoiy loyihalarni ochiq va barqaror moliyalashtirish, ta’sirchan jamoatchilik nazorati hamda raqamli vositalar orqali fuqarolar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqilishi zarur.
Antti Karttunen, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori:
Demokratiya odamlarni tinglash, hisobdorlikni ta’minlash hamda fuqarolarga ularning hayotini belgilaydigan qarorlarni qabul qilish jarayonida haqiqiy ovoz va ishtirok imkoniyatini berish amaliyoti hisoblanadi.
YeXHT nuqtai nazaridan fuqarolik jamiyati xavfsizlikning ham muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Xavfsizlik faqat nizolarning oldini olish emas, balki insonlar o‘zlarini tashvishga solayotgan masalalarni erkin ko‘tarishi, qarorlarda ishtirok etishi va kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilishi mumkin bo‘lgan jamiyatni barpo etishni ham anglatadi.
Fuqarolar va davlat institutlari o‘rtasidagi ishonch, muloqot va jamiyatning turli qiyinchiliklarga bardoshliligi muhim ahamiyatga ega. Kuchli fuqarolik jamiyati davlatni zaiflashtirmaydi, aksincha, fuqarolar tajribasini davlat muassasalari faoliyatiga olib kirish, konstruktiv nazorat va hisobdorlikni ta’minlash hamda hukumatlarni xalq bilan doimiy aloqada bo‘lishga ko‘maklashish orqali uni mustahkamlaydi.
Gulruh Agzamova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi:
Demokratik davlatni faqat qonunlar, institutlar yoki saylov tizimi bilan tasavvur qilib bo‘lmaydi. Demokratiyaning hayotiyligi fuqarolarning erkin fikr bildirishi, davlat ishlarida ishtirok etishi, jamoat tashkilotlarining mustaqil tashabbusi va samarali jamoatchilik nazorati bilan belgilanadi. Fuqarolik jamiyati institutlari esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim ko‘prikdir.
Fuqarolik jamiyati institutlari mustaqil va ta’sirchan bo‘lishi uchun ularning huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Jamoatchilik nazorati aniq natija berishi, fuqarolar tashabbusi eshitilishi va jamoatchilik fikri qarorlar qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi lozim. Kuchli parlament ham jamiyatdagi turli qarash va manfaatlarni ifoda etib, fuqarolik jamiyati bilan doimiy muloqot qilishi kerak.
Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning o‘ziga xos modellarini shakllantirmoqda. Biroq umumiy maqsadlar — inson huquqlarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, davlat boshqaruvining ochiqligi va hisobdorligini oshirishdir. Faol fuqaro, ta’sirchan jamoatchilik va mas’uliyatli fuqarolik jamiyati — demokratik taraqqiyotning muhim shartidir.
Forum o‘z ishini parallel tadbirlardagi sessiyalarda davom ettiradi
Asosiy muhokamalar 3 ta parallel tadbir doirasidagi 9 ta tematik sessiyada o‘tkaziladi.
I parallel tadbir. “Xalqchil boshqaruv va ijtimoiy sheriklik: islohotlarni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari”
1-sessiya: “Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi muloqotning samarali modellari: “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida yangi imkoniyatlar va hamkorlik istiqbollari”
2-sessiya: “Fuqarolik tashabbuslari va jamoat tashkilotlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ishtiroki”
3-sessiya: “Mahalla – hududiy taraqqiyot va jamoatchilik nazoratining tayanch bo‘g‘ini”
II parallel tadbir. “Inson manfaatlari va farovonligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli”
1-sessiya: “Yangi O‘zbekistonda yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ijtimoiy faolligini oshirishda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikning ahamiyati”
2-sessiya: “Oila va xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar: Markaziy Osiyo davlatlari tajribasi”
3-sessiya: “Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni”
III parallel tadbir. “Yangi O‘zbekiston – Markaziy Osiyoda umumiy taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik drayveri”
1-sessiya: “Raqamli transformatsiya sharoitida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining yangi mexanizmlari”
2-sessiya: “Fuqarolik jamiyati institutlarining Markaziy Osiyoda ekologik madaniyat va tashabbuslarni ommalashtirishdagi hamkorligi”
3-sessiya: “Milliy tajribadan mintaqaviy natijaga: Markaziy Osiyoda qo‘shma loyihalar va tajriba almashinuvi"

