“Mahalla fuqarolar yigʻini: fuqarolik jamiyatining faol ishtirokchisi sifatida” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Sirdaryo viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan 2025-yil 5-sentyabr kuni Sirdaryo viloyatidagi Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi majlislar zalida “Mahalla fuqarolar yigʻini: fuqarolik jamiyatining faol ishtirokchisi sifatida” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kursi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining viloyat hududiy boʻlinmasi, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi davlat subsidiya mablagʻlari doirasida oʻtkazilgan mazkur tadbirning asosiy maqsadi – mahalla fuqarolar yigʻinining fuqarolik jamiyatidagi rolini yanada kuchaytirish, mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish va mahalliy darajada demokratik jarayonlarni rivojlantirishdan iborat boʻldi.
Davra suhbatida ijtimoiy muammolarni hal etishda mahalla fuqarolar yigʻinining amaliy roli va faoliyatini chuqurroq anglash, jamoatchilik ishtirokini oshirish hamda mahalla faollarining faolligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mahalla raislarining fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishdagi roli, vazifalari va masʼuliyatlari, fuqarolarning faolligi hamda tashabbuskorligini ragʻbatlantirish, oʻzini oʻzi boshqarish jarayonlariga jamoatchilikni keng jalb etish, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
Tadbir davomida mahalla fuqarolar yigʻinlarining davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar orqali mahalladagi dolzarb muammolarni hal etishdagi ishtiroki, jamoatchilikni faol jalb qilish va davlat bilan hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlari toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlarda aholining qaror qabul qilishdagi ishtiroki, ochiqlik, shaffoflik va jamoat nazoratini taʼminlash mexanizmlari, shuningdek, fuqarolar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash amaliyoti haqida ham maʼlumot taqdim etildi.
Davra suhbati yakunlari boʻyicha mahalla faollarining aholi muammolarini aniqlash va hal qilishdagi ishtiroki, jamoatchilik fikri va ehtiyojlariga asoslangan yondashuvlarni shakllantirish, fuqarolarni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb qilish mexanizmlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Tadbir soʻnggida, belgilangan maqsadlarga erishish faqatgina mahalla fuqarolar yigʻinlari va jamoatchilikning saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali amalga oshishi mumkinligi haqida xulosa qilindi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Sirdaryo viloyati hududiy boʻlinmasi

