ACDP logo
Kirish
header bg

SUN’IY INTЕLLЕKT VA DAVLAT STRATЕGIK RЕJALASHTIRISH: O‘ZBЕKISTONNING YANGI KUN TARTIBI

273
Поделиться:
SUN’IY INTЕLLЕKT VA DAVLAT STRATЕGIK RЕJALASHTIRISH: O‘ZBЕKISTONNING YANGI KUN TARTIBI

15 may kuni Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirok etib, Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga tizimli tus berish zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbari o‘z nutqida raqamli taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Tashkilot doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish taklifetildi. Bunday samarali mexanizm orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilash, bulutli va kvant hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek, ochiq va zamonaviy yagona raqamli makonni yaratish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xorijiy investorlar bilan data markazlar yaratishga 6 milliard dollar investitsiya jalb qilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston yetakchisi mintaqaviy data markazlarni yuqori tezlikdagi aloqa kanallari orqali bog‘laydigan “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqishni taklif qildi. Amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida a’zo davlatlar ishtirokida Toshkent shahrida Texnologiyalar forumin io‘tkazish tashabbusi ham ilgaris urildi.

Prezidentimizning mazkur tashabbusi nafaqat dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilgani bilan, balki raqamli rivojlanish davrida hamda dunyo keskin o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan bugungi sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda sun’iy intellektning iqtisodiy va transformatsion salohiyati hechkimda shubha uyg‘otmaydi. PwC baholari gako‘ra, sun’iy intellektni keng miqyosda jori yetish 2030 yilga qadar jahon iqtisodiyotiga 15,7 trillion dollargacha qo‘shimcha o‘sish olib kelishi mumkin. Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (OESR) a’zo davlatlarning 80 foizdan ortig‘i sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yich amilliy strategiyalarni qabul qilgan.

O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt ta’siri ostida davlat boshqaruvi tizimini institutsional transformatsiya qilish jarayoni izchil davom etmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda raqamli modernizatsiyaning normativ-huquqiy va tashkiliy asoslari shakllantirildi. Bu esa davlat boshqaruvi tizimiga sun’iy intellektni bosqichma-bosqich integratsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

Mamlakatimizda 2030 yilga qadar sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasining tasdiqlanishi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Strategiya sun’iy intellektni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida mustahkamlaydi hamda milliy ma’lumotlarni qayta ishlash infratuzilmasini yaratish, hisoblash quvvatlarini rivojlantirish, sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish va soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashni nazarda tutadi.

Parallel ravishda mamlakatimizda davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayoni ham jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. My.gov.uz platformasining rivojlanishi, elektron hujjat aylanish tizimlarining kengayishi, soliq va bank sohalarining raqamlashtirilishi, shuningdek, Big Data elementlarining joriy etilishi davlat boshqaruvini yanada tahliliy modelga o‘tkazish uchun asos yaratmoqda.

Nima uchun SI strategik qarorlar darajasiga yetib kelmayapti?

Bugungi kunda dunyoda davlat boshqaruvi mantig‘ini o‘zgartirishga qodir vosita sifatida sun’iy intellektga qiziqish jadal ortib bormoqda. Gap faqat alohida jarayonlarni avtomatlashtirish haqida emas, balki uzluksiz katta hajmdagi ma’lumotlar tahlili va ssenariyli prognozlash asosida qarorlar qabul qilinadigan «data-driven governance» modelga o‘tish haqida ketmoqda.

Biroq, asosiy masala texnologik jihatdan tayyorlikda emas, balki davlat institutlarining yangi boshqaruv modellariga moslashish qobiliyatiga borib taqalmoqda. Xususan,davlat sektorida sun’iy intellekt hozircha asosan «quyi pog‘onalarda» qo‘llanilmoqda—xizmatlarni avtomatlashtirish, fuqarolar murojaatlarini qayta ishlash, monitoring va nazorat tizimlarida. Bu byurokratik samaradorlikni oshiradi, ammo davlatning strategik fikrlash jarayoniga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Sun’iy intellektdan uzoq muddatli prognozlash, resurslarni taqsimlash va strategik rejalashtirishda foydalanish hali ham fragmentar holatda qolmoqda. Shunday paradoks yuzaga kelmoqdaki, davlat ma’lumotlarni berishni algoritmlarga ishonib topshirmoqda, ammo ularni iqtisodiy, ijtimoiy yoki hududiy siyosatni ishlab chiqishda qo‘llashga shoshilmayapti.

Muammo endi texnologiyalar yetishmasligida emas. Zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari ulkan ma’lumotlar oqimini qayta ishlash, yashirin bog‘liqliklarni aniqlash va murakkab ssenariylarni modellashtirishga qodir. Asosiy cheklovlar institutsional darajada saqlanib qolmoqda.

Birinchidan, algoritmik qarorlarga nisbatan ishonch yetarli emas. Ko‘plab amaldorlar uchun SI «qoraquti» bo‘lib qolmoqda—uning xulosalarini tushuntirish qiyin va shu sabab ular uchun siyosiy mas’uliyat olish ham mushkul.

Ikkinchidan, ma’lumotlarning fragmentatsiyasi asosiy cheklov bo‘lib turibdi. Davlat organlari izolyatsiyalangan axborot tizimlari ichida faoliyat yuritmoqda, bu esa to‘liq miqyosdagi idoralararo tahlilni imkonsiz qiladi.

Uchinchidan, algoritm xatolari yuzaga kelgan taqdirda mas’uliyatni kim bo‘yniga olishi aniq emas. Bu esa ehtiyotkorlikni kuchaytiradi va byurokratik konservatizmni saqlab qoladi.

Aynan shu omillar «strategik vakuum»ni yuzaga keltiradi: an’anaviy boshqaruv usullari samarasiz bo‘lib bormoqda, yangi mexanizmlar esa hali institutsional amaliyotga aylanmagan.

Xalqaro tajribada texnologiyalar institutlarga nisbatan ikkinchi darajada

Xalqaro tajribani o‘rganish davlatlar SIni turli usullarda joriy etayotganini ko‘rsatadi, ammo ular o‘xshash cheklovlarga duch kelmoqda. Yevropa modeli huquqiy tartibga solish, inson huquqlarini himoya qilish va algoritmik shaffoflikka urg‘u beradi. Amerika modeli esa ko‘proq bozor raqobati va xususiy sektor orqali rivojlanmoqda. Singapur esa eng kompleks yondashuvni namoyon etadi: ma’lumotlarni integratsiya qilish va markazlashgan boshqaruv orqali SIni strategik modellash vositasi sifatida qo‘llash imkonini beruvchi Smart Nation konsepsiyasi.

O‘tish iqtisodiyotiga ega mamlakatlar, jumladan, Qozog‘iston tajribasi ham qiziq. U yerda davlatni raqamli modernizatsiya qilish jarayoni analitik platformalar va ma’lumotlarni integratsiya qilish tizimlari bilan birga kechmoqda. Biroq bu holatlarda ham asosiy cheklov texnologiyalar darajasi emas, balki davlat institutlarining algoritmik tahlil asosida qaror qabul qilishga tayyorligi hisoblanadi.

Xalqaro tajribalarni solishtirish muhim xulosaga olib keladi: SI samaradorligi birinchi navbatda institutsional o‘zgarishlar chuqurligiga bog‘liq.

O‘zbekiston tajribasi ham rivojlanayotgan davlatlarga xos bo‘lgan cheklovlarni ko‘rsatmoqda. Jadal raqamlashtirishga qaramasdan, idoralar aro ma’lumot almashinuvi hali ham fragmentar holatda. Ko‘plab davlat organlari yopiq axborot tizimlari mantig‘ida faoliyat yuritmoqda, bu esa kompleks tahlil va strategik prognozlash imkoniyatlarini cheklaydi. Yana bir muhim muammo—davlat boshqaruvi, ma’lumotlar analitikasi va sun’iy intellekt sohalarini birlashtirib ishlay oladigan mutaxassislar yetishmasligi.

Bugungi kunda masala texnologiyalar yetishmasligida emas, balki SIni qaror qabul qilish jarayoniga to‘g‘ri integratsiya qila oladigan boshqaruv kompetensiyalarining kamligidadir. Shu bilan birga, algoritmik shaffoflik masalasi ham muhim. Prognozlarning tushuntirila olinishi va mustaqil audit tizimi mavjud bo‘lmasa, davlat apparati ichida SIga bo‘lgan ishonch cheklangan bo‘lib qoladi.

SI davlatning “qobiliyatli hamkori” sifatida

Mavjud sharoitda sun’iy intellektni mexanik avtomatlashtirish vositasi emas, balki davlatning tahliliy imkoniyatlarini kengaytiruvchi “qobiliyatli hamkor” sifatida ko‘rish zarur.

Bu turli vazirlik va idoralar ma’lumotlarini yagona analitik arxitekturaga integratsiya qilishni anglatadi. Bunday yondashuv fanlararo bog‘liqliklarni aniqlash va aniqroq prognoz modellarini shakllantirish imkonini beradi.

Muhim o‘zgarish sifatida qattiq rejalashtirishdan ssenariyli modellashtirishga o‘tish hisoblanadi. Yagona «bazaviy» prognoz o‘rniga davlat optimistikdan tortib inqirozli ssenariygacha bo‘lgan bir nechta variantlarni bir vaqtda tahlil qila oladi.

Bunda asosiy tamoyil — «inson nazoratda» prinsipining saqlanishi. Sun’iy intellekt qarorni almashtirmaydi, balki analitik ko‘makchi vazifasini bajaradi. Biroq qaror qabul qiluvchi shaxsning tanlovi yanada shaffof va hisobdor bo‘ladi, chunki algoritmik tavsiyalar bilan taqqoslash imkoniyati paydo bo‘ladi. Aslida bu statik strategiyalar modelidan uzluksiz moslashuv tizimiga o‘tishni anglatadi.

Yangi kun tartibi

Bugungi kunda mavjud tahlillarning ko‘rsatishicha, idoralararo ma’lumotlar integratsiyasini yaratmasdan turib sun’iy intellektni joriy etish urinishlari kutilgan samarani bermaydi, bu urinishlar fragmentar bo‘lib qolaveradi. Algoritmlar shaffof bo‘lmasa, ularga ishonch shakllanmaydi. Mas’uliyat aniq belgilanmasa, boshqaruv tizimi SIni strategik sohalarda qo‘llamaydi.

O‘zbekiston uchun sun’iy intellektni davlat boshqaruvi tizimiga integratsiya qilish masalasi asta-sekin texnologik modernizatsiya doirasidan chiqmoqda. Gap real vaqt rejimida ma’lumotlar, prognozlar va ssenariylar bilan ishlay oladigan yangi strategik davlat modelini shakllantirish haqida ketmoqda. Bu transformatsiyaning samaradorligi esa texnologiyalarni joriy etish tezligiga emas, balki institutsional inersiyani yengish, idoralararo integratsiyani ta’minlash va yangi boshqaruv madaniyatini shakllantirish qobiliyatiga bog‘liq.

Farxod Buranov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish
markazi direktori o‘rinbosari,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent