Yoshlar – demokratik islohotlarning tayanchi

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Namangan viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan “Demokratik islohotlarni amalga oshirishda yoshlarning tutgan oʻrni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Namangan davlat texnika universiteti professor-oʻqituvchilari, talabalar, NNT va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish va demokratiya jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishdan iborat boʻldi.
Soʻzga chiqqanlar, yoshlar har qanday jamiyatning faol va innovatsion qatlami ekanligini taʼkidlab, ularning tashabbuslari, gʻoyalari va faol ishtiroki demokratik islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga xizmat qilishini qayd etdilar. Shuningdek, jamoatchilik nazoratining ahamiyati, davlat idoralari va NNTlar oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlari, mafkuraviy taʼsirlar va taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar muhokama qilindi.
Davra suhbati yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashayotgan fuqarolarga aylantirish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Qizgʻin bahs-munozaralar jarayonida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, fikrlarini bildirish imkoniga ega boʻldilar.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Namangan viloyati hududiy boʻlinmasi