ACDP logo
Kirish
header bg

Siyosiy bilim va tajriba almashinuvi: Buxoroda yoshlar uchun seminar-trening oʻtkazildi

72
Поделиться:
Siyosiy bilim va tajriba almashinuvi: Buxoroda yoshlar uchun seminar-trening oʻtkazildi

Bugungi globallashuv jarayonida yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish va ularni siyosiy jarayonlarga jalb etish masalasi dunyo miqyosida dolzarb vazifalardan biri boʻlib, yoshlar davlat hokimiyatini shakllantiruvchi, uning faoliyatida ishtirok etuvchi, mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy kuchga aylanib bormoqda.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Buxoro viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan “Siyosiy partiyalar va yoshlar: yangi gʻoyalar maydoni”mavzusida seminar tashkil  etildi.

Tadbirda viloyatda faoliyat koʻrsatib kelayotgan siyosiy partiyalarning viloyat Kengashi vakillari va partiyalarning yoshlar qanoti yetakchilari, mahalliy Kengashlardagi yosh deputatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Yoshlar ittifoqi vakillari, Buxoro davlat universiteti “Siyosatshunoslik” yoʻnalishi talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilar yoshlarga oid davlat siyosati Oʻzbekistondagi islohotlarning markazida turishi, sohaga oid 30 dan ortiq huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularda yoshlarning huquqlarini himoya qilish, imkoniyatlarini kengaytirish va faoliyat yuritishlari uchun munosib sharoit yaratilgani eʼtirof etildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki doimo muhim masalalardan biri boʻlib kelgani, mamlakatda saylovchilarning katta qismini yoshlar tashkil qilishini inobatga olib, bugungi kunda siyosiy partiya va ularning yoshlar qanotlari tomonidan yoshlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi faoliyatini yanada rivojlantirish zarurligiga alohida ahamiyat qaratildi.

Seminar doirasida mamlakatdagi siyosiy partiyalarning dasturlarida yoshlar manfaatlarini himoya qilish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan vazifalar qay darajada oʻz ifodasini topgani, partiyaviy loyihalar va ularning natijalari hamda faoliyatdagi asosiy yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.

Shuningdek, soha mutaxassislari va yoshlarning mavzu muhokamasi davomida bildirilgan fikr-mulohazalari hamda rivojlangan davlatlar siyosiy partiyalar ilgʻor tajribalari asosida partiya va yoshlar qanoti faoliyatini rivojlantirish, yoshlar muammolarini hal etish va ular siyosiy faolligini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi. 

Muhokamalarga boy tarzda oʻtgan seminarda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

 

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish Markazi

Buxoro viloyati hududiy boʻlinmasi