Xorazmda zamonaviy jamoat transporti tizimi

Bugungi kunda Xorazm viloyati bo‘yicha jami 260 dan ortiq yo‘nalishda 2 700 ga yaqin jamoat transporti vositasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Viloyatda jamoat transporti xizmati sifatini oshirish, aholiga qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha sezilarli amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Xususan, Urganch shahrida xizmat sifatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida avtobuslarda avtomatlashtirilgan elektron to‘lov tizimi hamda diversifikatsiya qilingan tariflar joriy etilgan. Shuningdek, yo‘nalishlarni real vaqt rejimida onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Go Urgench” mobil ilovasi ishlab chiqilgan va Xiva shahrida yangi avtostansiya qurilgan.
Shahar yo‘llaridagi tirbandliklarning oldini olish va jamoat transporti jozibadorligini oshirish maqsadida Urganch shahrining “Tinchlik”, “O‘zbekiston”, “Ma’rifatchilar”, Sheroziy va G‘ofur G‘ulom ko‘chalarida jami 5,11 km masofada alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilgan.
Mahalliy tadbirkorlar tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq yangi zamonaviy avtobuslar xarid qilingan. Natijada, Urganch shahrida jamoat transportidan foydalanish darajasi o‘rtacha 26 foizdan 38 foizga oshgan. Harakat intervali ikki baravarga
(10-22 daqiqadan 5-12 daqiqaga) qisqargan.
Bundan tashqari, “Xorazm trolleybus saroyi” davlat muassasasi tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 10 ta yangi zamonaviy trolleybus xarid qilish va Urganch xalqaro aeroporti, Urganch temir yo‘l vokzali hamda Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘lovchi turistik yo‘nalishi tashkil etish rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Xorazm viloyatida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat infratuzilmani yangilash, balki yo‘lovchilar uchun vaqt
va mablag‘ tejamkorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Alohida yo‘laklarning tashkil etilishi va harakat intervalining qisqargani tizimning samaradorligini oshirsa, “Go Urgench” ilovasi va elektron to‘lov tizimi sohani raqamlashtirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Ayniqsa, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi yangi turistik yo‘nalishlarning tashkil etilishi viloyatning nafaqat ichki transport ehtiyojlarini qondirish, balki hududning turistik jozibadorligini yanada oshirishda xizmat qiladi. Bu kabi islohotlar kelgusida aholi uchun jamoat transportining jozibadorligi yanada oshishi va ekologik holatning yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Sardor AITBOYEV,
Demokratik jaranyolarni tahlil qilish markazi
Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.

