Mahalliy Kengashlar hamda jamoat tashkilotlari hamkorligi muhokama qilindi
2026 yil 1 may kuni Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “Demokratik islohotlarda mahalliy Kengashlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, siyosiy partiyalar, NNTlari hamda mahalla fuqarolari yig‘ini vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalarda mahalliy Kengashlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yanada kengaytirish, xususan, hududiy dasturlar va qarorlar ishlab chiqish, ularning ijrosini nazorat qilishda NNTlar va ekspertlar ishtirokini kuchaytirish masalasiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Kengash huzuridagi ekspert guruhlari faoliyatiga fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etish samarali amaliy mexanizm sifatida ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida jamoatchilik nazoratini tashkil etish bo‘yicha mavjud tajribalar muhokama qilinib, mahalliy deputatlar, mahalla organlari va NNTlar o‘rtasidagi hamkorlik davlat organlari faoliyati ustidan tizimli va ta’sirchan nazoratni ta’minlashda keng imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
Mazkur davra suhbati mahalliy qaror qabul qilish sifatini oshirishga qaratilgan amaliy mexanizmlarni muhokama qilgani bilan ahamiyatli. Kengash ishlariga NNT va ekspertlarni jalb qilish qarorlarni jamoatchilik manfaatiga yaqinlashtiradi hamda ijrosini kuchaytiradi.
Bunday yondashuv xalqaro amaliyotda samarali hisoblanib, fuqarolar ishonchi oshishi, qarorlarning ijrosi kuchayishi va mahalliy muammolarni aniqroq hal qilishga olib keladi.

