Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yo‘lida hamkorlik

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan Nurafshon shahrida “Toshkent viloyatida jamoatchilik nazorati mexanizmlari: xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari, “Yuksalish” harakati, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda deputatlar, NNT va mahalla fuqarolar yig‘ini o‘rtasidagi hamkorlik hududlarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat organlari faoliyati ustidan “xalqona nazorat” o‘rnatuvchi asosiy kuchga aylantirishi ta’kidlandi.
Ekspertlar e’tirofiga ko‘ra, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bularning barni davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, jamiyatda “Davlat - bosh islohotchi” tamoyilidan “Jamiyat - islohotlar tashabbuskori” tamoyiliga o‘tishni anglatadi.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham davlat organlari faoliyati ustidan jamotchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikni ta’minlash va mahalliy darajadagi muammolarni yechishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

