Samarqand anjumani: Integratsiyalashgan xavfsizlikka erishish yo‘lida

Bugungi global sharoitda ekologik muammolar, ishlab chiqarishdagi xavfsizlik hamda favqulodda vaziyatlar xavfini boshqarish masalalari tobora murakkablashib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, sanoat rivoji va urbanizatsiya jarayonlari inson va atrof-muhit o‘rtasidagi muvozanatni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Ekologik xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish va favqulodda vaziyatlarni boshqarish integratsiyasi: inson va tabiatni himoya qilishga integratsiyalashgan yondashuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ayni masalalarga qaratilgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.
Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus va boshqa davlatlarning yetakchi olimlari va amaliyotchilari ishtirok etmoqda.
Ta’kidlanganidek, sanoat avariyalari, ekologik ifloslanish va ish joyidagi baxtsiz hodisalar ko‘p hollarda bir xil sabablar — tizimli boshqaruvning samarasizligi, risklarning noto‘g‘ri baholanishi va profilaktika yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Mazkur yo‘nalishlarga yagona tizim sifatida qarash nafaqat mavjud muammolarni chuqurroq o‘rganish, balki ularga nisbatan kompleks yechimlar ishlab chiqish imkonini beradi.
Ushbu anjuman nafaqat ilmiy natijalarni taqdim etish maydoni, balki turli xalqaro tashkilotlar va sohalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Bu o‘z navbatida, Yurtimizda ekologik xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish va favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, jarayonga xalqaro ilg‘or tajribalarni integratsiya qilish imkonini beradi.

