To‘siqlarsiz muhit – inson qadri va teng imkoniyatlar kafolati

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga to‘laqonli integratsiya qilish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mustahkam huquqiy asos yaratilib, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun, yangi tahrirdagi “Shaharsozlik kodeksi” hamda Prezidentimizning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu toifadagi fuqarolarning manfaatlarini himoyalashga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan avtoturargohlar, infratuzilma va qurilish obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslab loyihalashtirish bo‘yicha qat’iy normalar belgilandi.
Xususan, Xorazm viloyatida 2023-2025 yillarda 20 dan ortiq madaniy meros obyektlari jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun to‘liq moslashtirilgan. Jumladan, Xiva shahridagi “Ichan-qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasidagi 20 ga yaqin tarixiy obyektlarda panduslar va qulay zina tutqichlari o‘rnatildi. Shuningdek, “Ko‘hna ark” va “Islom Xo‘ja” madrasalarida eshitish va gapirishda nuqsoni bo‘lgan ziyoratchilar uchun surdo tarjimonlar xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar viloyatning turistik salohiyatini oshirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Inklyuziv turizmning rivojlanishi xalqaro miqyosda viloyatning nufuzini yanada yuksaltirmoqda.
Transport sohasida ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sezilarli qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, 2024–2026 yillar davomida Urganch shahri jamoat transporti parki nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus moslashtirilgan 100 dan ortiq zamonaviy avtobuslar bilan boyitilib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Urganch xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzallari ham maxsus ko‘tarish moslamalari va aravachalar bilan to‘liq ta’minlandi.
To‘siqlarsiz muhit yaratish borasidagi islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida yangi barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari misolida ko‘radigan bo‘lsak, loyihalashtirish jarayonidanoq xalqaro standartlarga asoslangan inklyuzivlik mezonlari qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda turar joy binolarining kirish qismidagi panduslar qiyaligi, liftlarning kengligi va boshqaruv tugmalarining maxsus Brayl alifbosida bo‘lishi, shuningdek, qavatlararo yo‘laklarning to‘siqlardan xoli ekanligi loyiha-smeta hujjatlarining majburiy shartiga aylandi.
Endilikda obyektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi ishida “to‘siqlarsiz muhit” talablarining bajarilishi nafaqat tavsiyaviy, balki eng asosiy va qat’iy mezon sifatida baholanmoqda. Agar binoda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur sharoitlar yaratilmagan bo‘lsa, ushbu obyektni foydalanishga topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘siqlarsiz muhit yaratish — bu shunchaki texnik vazifa emas, balki inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy adolatni qaror toptirishning amaliy ifodasidir. Zero, imkoniyati cheklangan fuqarolarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ularning iqtisodiy va ijtimoiy faolligi oshishi pirovardida davlatimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

