ACDP logo
Kirish
header bg

Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi koʻprik: Samarqand yirik tadbirga tayyor

52
Поделиться:
Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi koʻprik: Samarqand yirik tadbirga tayyor

Mamlakatimiz yana bir muhim tarixiy voqelik ostonasida turibdi. Joriy yilning 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti tadbirlari oʻtkaziladi.

         Sammit nega aynan Oʻzbekistonda oʻtkaziladi?

         Tadbirga mezbonlik nafaqat tarixiy, balki ramziy maʼnoga ham ega. Yaʼni, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga intilishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Shu boisdan ham mazkur tadbir yurtimizning ezgu tamoyillarga sodiqligini yana bir bor isbotlab, xalqaro darajadagi nufuzini yanada mustahkamlash bilan birga, mintaqalar oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadi.

         Bunday muloqotni tashkil etish faktining oʻzi ham Yevropa Ittifoqining hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi va Markaziy Osiyo davlatlari bilan sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishidan dalolat beradi.

         Sammitdan koʻzlangan maqsadlar

         Soʻnggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama hamkorlik, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Bu esa xalqaro aloqalarni izchil kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

         Samarqand sammitida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Bunda transport va logistika, energetika, raqamlashtirish, qishloq va suv xoʻjaligi hamda boshqa shu kabi ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyiha va dasturlar koʻzda tutilgan.

         Ushbu tadbir oldidan Yevropa Kengashi prezidenti Antonio Kosta: “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni birgalikda taʼminlashga boʻlgan sadoqatimizni yanada mustahkamlaydi», deya taʼkidladi.

         Yevrokomissiya raisi oʻrinbosari Margeratis Shinas ham oʻz bayonotida: “Markaziy Osiyo bilan hamkorligimiz bir martalik narsa emas, biz uzoq muddatli hamkorlikka intilamiz”, dedi.

         Hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda Oʻzbekistonning oʻrni

         Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo strategiyasini qayta koʻrib chiqishga katta hissa qoʻshdi.

         Birgalikdagi saʼy-harakat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi muhit vujudga keldi. Bir necha yil ichida oʻnlab yillar davomida toʻplanib qolgan koʻplab muammolar hal etildi. Natijada bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi oʻzaro manfaatli barqaror rivojlanish yoʻlidagi hamkorlik maydoniga aylanib bormoqda.

         Boshqacha aytganda, bugungi kunda Markaziy Osiyo Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi oddiy koʻprik emas, balki xalqaro munosabatlarning mustaqil ishtirokchisiga aylandi.

         Buni strategik hamkorlikning 10 ta yoʻnalishini (inson huquqlari, demokratlashtirish, taʼlim, iqtisodiy rivojlanish, energetika, transport, ekologiya, suv xoʻjaligi, madaniyatlararo muloqot, mintaqaviy xavfsizlik) amalga oshirish doirasida ham koʻrish mumkin.

         Har ikki tomon manfaatlari nimada?

         Markaziy Osiyo davlatlari oʻzlarining ichki imkoniyatlari va dunyoda yuzaga kelayotgan geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarni hal etish uchun iqtisodiyot, sanoat, energetika, transport, inson kapitali va iqlim oʻzgarishi sohalarida Yevropa sarmoyalari, texnologiyalari va innovatsiyalarini jalb qilishdan manfaatdor.

         Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga intilishdan dalolat beradi.

         Yevropa Ittifoqi mintaqa davlatlari uchun nafaqat muhim savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkor, balki barqaror rivojlanish, raqamli tranformatsiya va atrof-muhit muhofazasi kabi masalalarda ham asosiy yoʻnalish hisoblanadi.

         Samarqand sammiti natijasida Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining manfaatlarini quyidagicha izohlash mumkin.

         Yevropa Ittifoqi manfaatlari:

  • mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan jarayonlarni qoʻllab-quvvatlashga qatʼiy intilishini saqlab qoladi;
  • Yevropa Ittifoqi strategiyasi va siyosatini zamonaviy voqelikka moslashtirish imkonini beruvchi Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzaro hamkorlikning moslashuvchan mexanizmlari ishlab chiqiladi;
  • transport, energetika, iqlim oʻzgarishi va inson kapitalini rivojlantirish kabi hamkorlikni ustuvor yoʻnalishlariga ega boʻladi;
  • hamkorlikning institutsional va meʼyoriy bazasi takomillashadi (Markaziy Osiyo davlatlari bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimlarini imzolashga erishiladi).

         Markaziy Osiyo uchun:

  • mintaqaning ishonchli strategik sherik sifatidagi obroʻsini mustahkamlaydigan Yevropa Ittifoqi bilan oʻzaro hamkorlik doirasida oʻz zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarish boʻyicha qatʼiy pozitsiyani yana bir bor tasdiqlaydi;
  • mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish siyosatini davom ettirishga erishiladi; 
  • xalq diplomatiyasini rivojlantirishga, Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqidagi ijobiy imijini mustahkamlashga hamda madaniy-gumanitar dasturlarni amalga oshirishga erishiladi.

         Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Samarqand sammiti mintaqalar oʻrtasidagi koʻp qirrali muloqotni yanada rivojlantirib, iqtisodiy aloqalarni kengayishi bilan birga, strategik ahamiyatga ega sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichiga olib chiqishga imkoniyatlar eshigini ochadi.

Muhammadjon Joʻrayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi boʻlim boshligʻi

xabar.uz