NNTlarning moliyaviy savodxonligi va shaffofligi yo‘lida amaliy qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu maqsadda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan amaliy seminar tashkil etildi.
“Fuqarolik jamiyati institutlarida soliq hisobotlarini shakllantirish, topshirish tartibi va mavjud muammolar yechimi bo‘yicha amaliy tavsiyalar” mavzusida o‘tkazilgan ushbu tadbir nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad NNTlarning moliyaviy-huquqiy savodxonligini oshirish, ularning faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda soliq qonunchiligiga qat’iy rioya etilishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Ochiq muloqot va savol-javob tarzida kechgan tadbirda soliq boshqarmasi mutaxassislari hamda soha ekspertlari tomonidan ishtirokchilarga batafsil tushuntirishlar berildi. Xususan, qonunchilikda NNTlar uchun belgilangan soliq imtiyozlari va yengilliklar, hisobotlarni elektron shaklda o‘z vaqtida va xatosiz topshirishning afzalliklari atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, amaliyotda ko‘p uchraydigan kamchiliklar ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Mutaxassislar tomonidan ta’kidlanganidek, soliq hisobotlarini shakllantirishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish va bu boradagi bilimlarni mustahkamlash NNTlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga ekspertlardan atroflicha javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining soliq sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish, shuningdek, soliq organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Axborot xizmati

