“Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalq ovoziga aylantirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi

Bugun Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyati hududiy boʻlinmasi hamda Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi hamkorligida “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalq ovoziga aylantirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda DJTQMning Xorazm viloyat boʻlinmasi rahbar va mutaxassislari, xalq deputatlari Xorazm viloyati, tuman va shahar Kengashlari kotibiyatlari mudirlari va masʼul xodimlari, siyosiy partiyalar va deputatlik guruhlari rahbarlari, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) hamda ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etdi.
Davra suhbatida mahalliy vakillik organlari faoliyatini yanada ochiq va shaffof qilish, aholi bilan samarali muloqotni taʼminlash, joylardagi muammolarni aniqlash va ularni hal etishda deputatlar va Kengash kotibiyatlari faolligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, doimiy komissiyalar, NNTlar, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, fuqarolarning jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokiga keng yoʻl ochish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida mahalliy Kengash deputatlari, doimiy komissiyalar va partiya guruhlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, aholi murojaatlariga yechim topish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi hamda amaliy vazifalar belgilandi.