Mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish tendensiyalari muhokama etildi

Joriy yilning 22-avgust kuni Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Andijon viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Mustaqillik yillarida ochiq fuqarolik jamiyati va OAV faoliyatini yanada rivojlantirishda oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbir Andijon viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining viloyat hududiy boʻlinmasi hamkorligida tashkil etildi.
Davra suhbatida Andijon viloyati hokimligi vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi subsidiya mablagʻlari doirasida oʻtkazildi. Uning asosiy maqsadi – mustaqillik yillarida NNTlar, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini shakllantirish va rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha tahlil oʻtkazish, Yangi Oʻzbekiston sharoitida ularning faoliyati samaradorligini oshirish hamda yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, sohada amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat boʻldi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon ijtimoiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Shuningdek, ochiq fuqarolik jamiyatining huquqiy poydevorini mustahkamlash maqsadida 200 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, sohaning huquqiy mexanizmlari takomillashtirib borilmoqda.
Suhbatda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida NNTlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi soddalashtirilgani, ular faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning cheklangani, davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar ajratish orqali moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimining shaffofligi taʼminlanayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda Andijon viloyatida 600 dan ziyod jamoat tashkiloti va 30 ga yaqin bosma hamda elektron OAV fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishdan tortib, ekologik muammolarni hal etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlarda faoliyat olib bormoqda.
Davra suhbati yakunida NNT va OAV oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalarni izchil va samarali amalga oshirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Andijon viloyati hududiy boʻlinmasi